3-may kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi yig‘ilishi chaqiriladi, deya xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Yalpi majlis kun tartibiga “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari to‘g‘risida"gi, “Yaylovlar to‘g‘risida"gi qonunlar kiritilgan.

Shuningdek, senatorlar O‘zbekiston Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston qonunlarini ham ko‘rib chiqadi.

Shu bilan birga, yalpi majlisda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturining 2019 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisobotini, shuningdek Markaziy bank, prokuratura organlari, Hisob palatasining 2018-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari eshitiladi.

Senatorlar tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash masalalari, suv ob’ektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan hukumat a’zolariga parlament so‘rovlari yuborish, shuningdek ilgari yuborilgan parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qilishadi.