Fuqaro N.T. oilaviy kelishmovchiliklar sabab 2017 yilda turmushdan ajralib, 3 bolasini eriga tashladi va chet elga ishlashga ketdi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limi davlat ijrochisi Hulkar Bo‘riyevaning «Qashqadaryo» gazetasi saytida e’lon qilingan maqolasida so‘z yuritildi.

Shu yili fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudi tomonidan undan turmush o‘rtog‘i foydasiga uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risida sud buyrug‘i chiqarildi va u ijro qilish uchun Majburiy ijro byurosi Yakkabog‘ tuman bo‘limiga yuborildi.

Ijro harakatlari davomida qarzdor 2017 yildan 2019 yilning shu davriga qadar bo‘lgan jami 16 million 560 ming so‘m aliment qarzdorligini to‘liq to‘lab berdi.

Pullar undirilgach, ikki taraf o‘zaro kelishdi va ijro hujjati tamomlandi. Maqolada yozilishicha, byuroning tuman bo‘limiga otasi bilan kelgan bolalar onasini ko‘rishni ham istamadi.