Vazirlar Mahkamasining 24.04.2019 yildagi 350-son qarori bilan «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJ faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, hukumat «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJni yagona yetkazib beruvchi sifatida tan oldi. Endi byudjet va korporativ buyurtmachilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzgan holda, korxona mahsulotlarining xaridini amalga oshirishga haqlidirlar. Bu haqda Norma.uz xabar berdi.

«Angren» EIZda joylashgan korxona qishloq xo‘jaligi va avtomobil shinalarining yagona yetkazib beruvchisi etib belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, «Davlat xaridlari to‘g‘risida"gi Qonunning 67-moddasi birinchi qismiga binoan davlat buyurtmachilari «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJdan ushbu mahsulot xaridining raqobatli tartib-taomilini o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali amalga oshirishlari mumkin. Shu bilan birga, davlat buyurtmachisi tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridini faqat yagona yetkazib beruvchida amalga oshirishga majbur emas. Boshqa potensial yetkazib beruvchilar ishtirokida xaridning raqobatli tartib-taomilini o‘tkazish taqiqlanmagan.

«Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJni rivojlantirish chora-tadbirlari orasida 2020 yilga kelib «General Motors» (O‘zbekiston) AJ avtomobillarini 493,3 ming dona mahalliy shinalar bilan birlamchi butlashni ta’minlash belgilangan. Ya’ni, qariyb 123 ming avtomobil har yili O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan shinalar bilan chiqariladi. Bu 2019 yil uchun rejalashtirilgan ishlab chiqarish hajmining qariyb 49,2 foizidir.

Respublika bo‘yicha «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJ shinalari 78 ta avtosalon va 35 ta firma do‘konlarida ham sotiladi.