Jizzaxda ko‘rilgan sud ishida ayblanuvchilardan birining vafot etganligi, sherigining esa bir guruh bo‘lib jinoyat sodir etganligi rad etib bo‘lmas dalillar bilan tasdig‘ini topmagani sababli ayblov o‘s tasdig‘ini topmadi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Sharof Rashidov tumani sudining raisi G‘iyos Yalg‘ashev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Nizom Mahkamov (ism-familiyalar o‘zgartirildi) bundan olti yil burun hovlisini jiyani Farmonqulga sotgandi. Farmonqul beparvolik qildi, uyni o‘zining nomiga rasmiylashtirishga shoshilmadi. «Tog‘am-ku, o‘rtamizda kelishmovchilik chiqmaydi», degan fikrda oila a’zolari bilan yangi hovlida emin-erkin yashab kelayotgandi.

Ammo 2016 yil ular yashaydigan mahalladan bir nechta ko‘p qavatli uylar barpo etish rejalashtirildi. Farmonqul oilasi bilan yashayotgan tog‘asining nomidagi uy-joy ham buziladigan bo‘ldi.

Uyi buzilishga tushgan fuqarolarga Jizzax tumanining Qo‘shbarmoq mahallasi hududidan yer maydoni ajratilishi belgilandi. Haqiqatan ham, o‘sha yilning 18 may kuni tuman hokimining Qo‘shbarmoq mahallasi hududidan 46 nafar fuqaroga olti sotixdan yer maydoni ajratish to‘g‘risida qarori chiqdi. Qarorga fuqarolarning ro‘yxati ilova qilinib, yer uchastkalarining joylashish sxemasi ham tasdiqlangandi. Ro‘yxatda Farmonqulning tog‘asi Nizom Mahkamovning ham ism-sharifi bor edi.

Hokimiyat vakillari va mutaxassislar qaror chiqqach, uy-joy qurilishiga ajratilgan yer maydoniga kelib, fuqarolarga yer uchastkalarini o‘lchab berishdi.

Endi Farmonqul tog‘asining nomidagi yangi uchastkada uy-joy qurishi kerak edi. Ammo oilaning moddiy imkoniyati biroz nochorlik qilayotgani sababli uyning poydevorini haligacha ko‘tarishga kirishmagandi.

Dekabr oyining boshlarida Farmonqul yangi yer uchastkasiga boradi. Buni qarangki, kimdir uyning poydevorini tiklab qo‘yganiga ko‘zi tushib, hayron bo‘ladi. Shu atrofdagilardan so‘rab-surishtirib bilsa, yer uchastkasini fuqaro Qosim Shovqiyev egallab olgan ekan. Shundan so‘ng u Qosimni izlab topadi va tuman hokimining qarori bilan yer maydoni tog‘asiga ajratilgani, hujjatlarning asl nusxasi qo‘lida ekanligini aytadi. Ammo uning javobini eshitib, taajjubga tushadi. Qosimning aytishicha, iyul oyida u bu yerni Isoqul Po‘latov bilan Oybek Qo‘chqorovdan sotib olganmish. I. Po‘latov uy-joyga tegishli hujjatlar nusxasini unga bergan ekan.

Qosim yuqorida Oybekning nomini tilga olgandi. Mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov organi O. Qo‘chqorovni xavfli retsidivist bo‘laturib, takroran I. Po‘latov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, jabrlanuvchi Q. Shovqiyevning mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish va hujjatning qalbaki ekanligini bilaturib, undan foydalanish jinoyatlarini sodir etganlikda aybdor deb topgan.

Oybek Qo‘chqorov muqaddam Jinoyat kodeksining turli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etib, besh marotaba sudlangan. 2018 yilning 1 iyunida jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudi unga nisbatan oltinchi marta ayblov hukmi chiqargan. Hukmga ko‘ra, O. Qo‘chqorov Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi, 28,209-moddasi 1-qismi, Jinoyat kodeksining 59-moddasi 8-qismi bilan ikki yil to‘qqiz oyga muayyan huquqdan va besh yil-u yetti oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Hozir nomi tilga olingan sudning hukmi o‘qilgandan so‘ng oradan qirq kun o‘tib, tergov organi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi, 228-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 228-moddasi 3-qismi bilan O. Qo‘chqorovni yettinchi marta jinoyat sodir etganlikda ayblab, unga doir hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun sudga o‘tkazdi. Ma’lumot o‘rnida shuni aytish kerakki, dastlabki tergov organi O. Qo‘chqorovni 2018 yil 27 maydagi qarori bilan Jinoyat protsessual kodeksining 84-moddasi 1-qismi 3-bandiga asosan, ya’ni vafot etgani munosabati bilan jinoyat ishi tugatilgan tanishi Isoqul Po‘latov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirganlikda ayblagan.

Mazkur jinoyat ishini sudda ko‘rish jarayonida sudlanuvchi O. Qo‘chqorovga nisbatan dastlabki tergov organi tomonidan e’lon qilingan ayblov o‘z isbotini topmadi. Xo‘sh, nega bunday bo‘ldi?

Oybekning asli kasbi ustachilik bo‘lib, u binolar poydevoriga tosh terish bilan shug‘ullangan. Tabiiyki, yangi uy-joy qurishga yer ajratilgan joyda bu ish qo‘lidan keladigan ustaga talab yuqori bo‘ladi. Bir kuni u ishlayotgan joyga tanishi Isoqul Po‘latov kelib, shahardagi uyi buzilgani, shuning uchun hokim qaroriga asosan yer uchastkasi ajratilgani, uni sotish niyatida ekanini aytadi. Ustadan xaridor chiqsa, xabar berishni, sotishga ko‘maklashishni iltimos qilib, o‘zining telefon raqamini qoldirib ketadi.

Bir kuni sotiladigan yer uchastkasi qidirib yurgan Qosim Shovqiyev Oybekka uchrashadi. Suhbat chog‘ida Oybekning yodiga Isoqulning iltimosi tushadi. Shunda u I. Po‘latovga qo‘ng‘iroq qilib, xaridor kelganini aytadi. I. Po‘latov tezda yetib kelib, Q. Shovqiyev bilan uchrashadi. Isoqul Qosimni ergashtirib ketib, «sotmoqchiman» deya keyinchalik fuqaro N. Mahkamovga tegishli ekanligi ma’lum bo‘lgan yer uchastkasini ko‘rsatadi. Bu paytda Oybek o‘z ishi bilan band edi.

Oradan bir necha kun o‘tgach, Oybek poydevorga tosh terayotgan paytda uning oldida I. Po‘latov bilan Q. Shovqiyev yana uchrashishadi. Shunda I. Po‘latov tuman hokimining qarori nusxasini, qarorga ilova ro‘yxat va yerlarning joylashuv sxemasi nusxasini Q. Shovqiyevga beradi. Qosim hujjatlarni ko‘zdan kechirgach, ular nusxa ekanini aytib, aslini olib kelishni so‘raydi.

I. Po‘latov esa, yer uchastkasi 2016 yilning may oyida olingani, mana shu hujjat asosida qurilishni boshlayverishni aytib, asl nusxasini keyinchalik berishni va’da qiladi. Jabrlanuvchi yer uchastkasi narxini so‘raganida, I. Po‘latov «boshida ozroq pul bersangiz bo‘lgani, qolgan qismini bir yo‘la uzarsiz, arzonroq narxga kelishamiz» deya javob qaytaradi.

Bu suhbatga O. Qo‘chqorov ham guvoh bo‘lgandi. Uy-joy hujjatlari qo‘ldan-qo‘lga o‘tganiga ham ko‘zi tushgandi. Q. Shovqiyev o‘sha paytda I. Po‘latovga 500 ming so‘m pul beradi. I. Po‘latov esa, xaridor topib bergani uchun cho‘tal sifatida Oybekning qo‘liga 100 ming so‘m tutqazib, yana kechki payt ziyofat uyushtirishini aytadi. O. Qo‘chqorov 100 ming so‘mni o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuboradi.

Jabrlanuvchi Q. Shovqiyevning suddagi ko‘rsatmasi ishning haqiqiy holatiga to‘liq oydinlik kiritdi.

Jabrlanuvchining ko‘rsatma berishicha, u marhum I. Po‘latov yerning qalbaki hujjatlarini qanday tayyorlaganidan xabari bo‘lmagan.

O. Qo‘chqorov faqat sotiladigan joy bormi, deb so‘raganida I. Po‘latovning yeri borligini aytgan. Qolgan ishlarga sudlanuvchi umuman aralashmagan. Bundan tashqari u yer uchastkasini sudlanuvchi O. Qo‘chqorov orqali topgani tufayli dastlabki tergovda yerni I. Po‘latov va O. Qo‘chqorovlardan sotib olgani haqida ko‘rsatma bergan bo‘lishi mumkinligi, aslida yer uchastkasini faqat I. Po‘latov bilan savdolashib, sotib olgani, O. Qo‘chqorovga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bildirdi.

Sud majlisida qo‘shimcha guvoh A. Quvondiqov Jizzax shahar, Zilol mahalla fuqarolar yig‘ini raisi vazifasida ishlashi, O. Qo‘chqorovni tanishini bildirdi. O. Qo‘chqorov haqiqatan ham, ustachilik bilan shug‘ullanishi, tosh terishini aytib, yer sotganini eshitmagani, uning ustidan ariza yoki shikoyatlar tushmagani haqida ko‘rsatma berdi. Bundan tashqari qo‘shimcha guvohlar G‘. Boymurodov J. Pirnazarovlar ham O. Qo‘chqorov yer uchastkasi sotish bilan shug‘ullanganini eshitishmaganini aytishdi.

Ko‘rsatmasi sud majlisida o‘qib eshittirilgan guvoh S. Po‘latova dastlabki tergovda turmush o‘rtog‘i I. Po‘latov 2017 yilning 17 fevral kuni vafot etgani, O. Qo‘chqorovni 2015 yildan buyon tanishi, turmush o‘rtog‘i bilan uning salomaligi borligini bilishi, lekin ularning yaqin munosabatlaridan xabari yo‘qligini bildirgan.

Shuningdek, u turmush o‘rtog‘i I. Po‘latov va O. Qo‘chqorovning Q. Shovqiyevga yer uchastkasi sotganidan, jabrlanuvchiga berilgan hujjatlar qalbaki ekanidan xabari yo‘q ekanini ta’kidladi.

Amaldagi Jinoyat protsessual kodeksining 22-moddasiga muvofiq, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz bergani, uning sodir etilishida kim aybdorligi, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart.

Ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirib chiqilishi kerak. Ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi lozim.

Jinoyat kodeksining 27-moddasida ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib qatnashishi ishtirokchilik deb topilishi belgilab qo‘yilgan. Ishda aniqlangan holatlar dastlabki tergov organi tomonidan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha sodir etilgan jinoyatda O. Qo‘chqorov ishtirok etmaganini ko‘rsatdi. Sudlanuvchi O. Qo‘chqorovning firibgarlik, hujjatlarni qalbakilashtirish va undan foydalanish jinoyatiga aloqadorligi isbotlanmadi. Bundan tashqari O. Qo‘chqorov I. Po‘latov bilan til biriktirmagan. Uning jabrlanuvchi Q. Shovqiyevga I. Po‘latov tomonidan taqdim qilingan yer uchastkasi bilan bog‘liq hujjatlarning soxtaligidan xabari bo‘lmagan.

Jinoyat ishida O. Qo‘chqorov marhum I. Po‘latov bilan bir guruh bo‘lib, jabrlanuvchi Q. Shovqiyevning mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish, hujjatlarni qalbakilashtirish va hujjatning qalbaki ekanligini bila turib, undan foydalanishga, jinoyatlarni sodir etishga til biriktirganini tasdiqlovchi birorta ob’ektiv dalil mavjud emas.

Tergov organi ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘liq va xolisona tekshirmagan.

Sudlanuvchi O. Qo‘chqorovni I. Po‘latov bilan oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib jinoyat sodir etganligi rad etib bo‘lmas dalillar bilan tasdig‘ini topmagan. Ishda to‘plangan dalillar O. Qo‘chqorovni haqiqatga muvofiq kelmagan shubha va taxminlarga asosan ayblab, xatolikka yo‘l qo‘yganini ko‘rsatdi. Bunday holatda sud O. Qo‘chqorovni jinoiy harakatni sodir etganlikda ayblab bo‘lmaydi, deb hisobladi.

Shu o‘rinda qonun talabiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Jinoyat protsessual kodeksining 23-moddasi 3-qismiga ko‘ra, aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti, ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, ish gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim.

Sud qonunda mustahkamlab qo‘yilgan yuqoridagi me’yorlarga tayanib, O. Qo‘chqorovning ushbu jinoyatni sodir etishga daxli yo‘qligi sababli oqlov hukmi chiqardi.