25 aprel kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Alisher Abdualiyev Turkiyaning Yildirim Holding kompaniyasi biznesni rivojlantirish bo‘yicha ijrochi direktori Metin Oktay bilan uchrashdi. Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida birinchi elektr stansiyasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi ko‘magida ishlab chiqilgan 1,2 milliard dollarlik loyiha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar orqali Surxondaryo viloyatida amalga oshiriladi. Issiqlik elektr stansiyasining quvvati tabiiy gazda 900 MVtni tashkil etadi.

Metin Oktayning qayd etishicha, kompaniya ushbu loyihaning muhimligini anglaydi va xalqaro atrof-muhit standartlariga javob beradigan zamonaviy stansiya qurish uchun eng ilg‘or texnologiyalarni va nou-hauni jalb etishni rejalashtirmoqda.

Shuningdek, uchrashuv davomida kimyo sanoati, transport infratuzilmasi, tog‘-kon sanoati va boshqa sohalarda istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.

Yildirim Holding kompaniyasi Turkiyada energetika, transport infratuzilmasi va logistika, kimyo va tog‘-kon sanoati kabi sohalarga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. U Turkiya, xorijiy davlatlar, shu jumladan, AQSH, Ispaniya, Rossiya va boshqa mamlakatlardagi 50 dan ortiq kompaniyalar bilan hamkorlikda investitsion loyihalarga ega.