Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga a’zolik majburiy hisoblansa ham, O‘zbekiston fermerlari a’zolikka majburlanayotgani yo‘q. Bu haqda juma kuni xalqaro press-klub majlisida qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Teshayev ma’lum qildi.

4 aprelda fermer va dehqon xo‘jaliklari to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlarda Fermer va dehqon xo‘jaliklari kengashiga a’zolik majburiy etib belgilangan edi. Hozirda kengash a’zoligidan chiqishda yer uchastkasiga egalik yoki undan foydalanish huquqi ham bekor qilinadi.

Mazkur majburiyat «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida"gi qonunning 18-moddasiga zid hisoblanadi:

«Rasmiy hujjatlarda u yoki bu nodavlat notijorat tashkilotiga a’zolik yoki uning faoliyatidagi ishtirokning ko‘rsatilishini talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

U «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida"gi qonunning 1- hamda Konstitutsiyaning 34-moddalarini ham buzadi.

«Gazeta.uz» muxbirining nima uchun a’zolik majburiy bo‘lgani va qonunchilik buzilgani to‘g‘risidagi savoliga javob berar ekan, Shuhrat Teshayev kengash a’zolari uchun joriy etilayotgan xizmatlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

«Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashida ushbu yo‘nalishda ximatlar ishlab chiqilgan… Kengash hozirda urug‘lar, yoqilg‘i, o‘g‘it [yetkazib berish tizimini], shuningdek mahallalarda olimlar tajribasini joriy etmoqda. Ikkinchidan, ularning o‘z jamg‘armasi bor, undan, jumladan kam ta’minlanganlarga 8 foiz stavkali imtiyozli kreditlar ajratilmoqda. Tomorqa uchastkalarida issiqxona qurilishi yo‘lga qo‘yildi, parrandachilik va chorvachilik rivojlantirilmoqda», — dedi u.

Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari takroran berilgan savolga a’zolik majburiy bo‘lganda ham fermerlarni hech kim majburlayotgani yo‘qligini ma’lum qildi.

«Qarorda hatto „majburiy“ so‘zi ko‘rsatilgan bo‘lsa ham, hech kim majburlayotgani va: „A’zo bo‘lmasang yerni topshir“, deyayotgani yo‘q, bunday holat hali bo‘lmadi. Fermerlarning o‘zlari bevosita kengash bilan ishlamoqda, unga a’zo bo‘lmoqda, hech kim majburlayotgani yo‘q. Agar sizda misollar bo‘lsa ko‘rib chiqishimiz mumkin», — dedi Shuhrat Teshayev.