Xitoyda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev 26 aprel kuni O‘zbekistonning Pekin shahridagi elchixonasi yangi binosini ko‘zdan kechirdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining uch qavatli yangi binosi farg‘onalik ustalar ishtirokida milliy bunyodkorlik an’analari va zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida bunyod etilgan. Imorat Pekin shahri markazidagi Chaoyang ishbilarmonlik mavzesida, AQSH, Yaponiya, Malayziya, Singapur kabi davlatlar elchixonalari bilan yonma-yon joylashgan.

Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini qabul qilish, sifatli konsullik xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.

Birinchi qavatda muzokaralar, ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan «Samarqand», «Buxoro», «Xiva», «Qo‘qon» zallari joylashgan.

Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoitlar bilan tanishar ekan, mazkur dargoh milliy uslubda bezatilganiga mamnuniyat bildirdi hamda u Xitoy tomonining O‘zbekiston bilan hamkorlikka yuksak e’tibori namunasi ekanini ta’kidladi.