Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi va Yuqorichirchiq tuman prokuraturasi xodimlari tomonidan hamkorlikda «A.B.» MCHJ ish boshqaruvchisi M.M.ning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta xodim qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

«K.I.» MCHJda haydovchi bo‘lib ishlovchi fuqaro R.N. «M.» kafesiga ovqatlanish maqsadida kirib, taomlarni sifatidan noroziligi va kafega kelgan mijozlarga NKM cheki berilmayotganligini vaj qilib, o‘zini «Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi xodimi Rustam» deb tanishtirgan.

Kassada turgan NKM apparati va kafega tegishli bo‘lgan tibbiy daftarchani olib qo‘yib, ushbu holatlar yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirmaslik va jarimaga tortmaslik evaziga firibgarlik yo‘li bilan o‘zining jinoiy sherigi, hech qayerda ishlamaydigan fuqaro A.R. orqali 1 mln. so‘m olgan vaqtida departament organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan R.N. va A.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

«Hurmatli fuqarolar, agarda Siz yuqoridagi kabi holatlarga duch kelsangiz yoki Sizga noma’lum shaxslar o‘zini departament xodimi deya tanishtirib, ta’magirlik qilayotgan bo‘lsa O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining qisqa raqamli 10−07 yoki Departamentning 71−233−10−07 raqamli tunu-kun ishlovchi ishonch telefonlariga murojaat etishingizni so‘raymiz», — deyiladi xabarda.