Toshkent va Samarqandda Pyotr Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot institutining filiallari ochiladi. O‘zAning xabar qilishicha, Rossiya onkologlari guruhi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi jarayonida bu haqdagi kelishuvga erishildi.

Delegatsiya Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning Toshkentdagi filiali faoliyati bilan tanishdi.

O‘zbekiston va rossiyalik hamkasblar ordinatura, aspirantura hamda doktorantura orqali yetuk onkolog va radiolog shifokorlarni tayyorlash, radioterapiya bo‘limlarida ishlash uchun tibbiy fizik mutaxassislarni yetishtirish, onkologlarning Rossiya klinikalarida stajirovkasini tashkil etish orqali yuqori malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha qator qo‘shma loyihalarni muhokama qildilar. Bu borada Pyotr Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti o‘zbek hamkasblari uchun o‘qishni bepul tashkil etishga tayyor ekanligini bildirdi.

Muloqot chog‘ida Toshkent va Samarqand shaharlarida Pyotr Gersen nomidagi Moskva onkologiya ilmiy-tadqiqot instituti filiallarini ochishga kelishib olindi.Bundan tashqari, ilm-fan, telemeditsina bo‘yicha haftalik anjumanlarni tashkil etish, yetakchi onkolog-jarrohlar bilan birgalikda mahorat darslar o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma konferensiya, kongres va simpoziumlarni muntazam o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.