Yaqin yillarda davlat organlari va kompaniyalarida qonunchilik talablariga muvofiqlikni ichki ta’minlash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident qarori loyihasida ko‘zda tutilgan. Hujjat O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan tayyorlandi.

Hujjatda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda 1400dan ortiq raqobatga qarshi harakatlar aniqlangan bo‘lib, ularning 78 foizi davlat organlari va davlat ishtirokidagi kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Jumladan, 2020-yilning 1-yanvariga qadar quyidagi o‘nta davlat kompaniyasida sinov tartibida monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish taklif qilinmoqda:

  1. “Kvars” AJ
  2. “Asaka” ATB
  3. “GM Uzbekistan” AJ
  4. “Olmaliq TMK” AJ
  5. “O‘ztransgaz” AJ
  6. “O‘zpaxtasanoat” AJ
  7. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ
  8. “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ
  9. “Mintaqaviy elektr tarmoqlari” AJ
  10. “Qizilqumsement”

Qaror loyihasida monopoliyaga qarshi komplayens tizimi:

  • 2020-yil 1-iyundan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va ustav kapitalida 50 yoki undan ortiq foiz aksiyalar davlatga tegishli bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun majburiy tartibda;
  • 2022-yil 1-yanvardan ustav kapitalida 50 yoki undan ortiq foiz aksiyalar davlatga tegishli bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi jamiyatlar yuridik shaxslar hamda ularning sho‘'ba korxonalariga majburiy tartibda;
  • xususiy kompaniyalar uchun tavsiyaviy tartibda joriy etiladi.

Monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etilayotgan davlat organlari va kompaniyalarida monopoliya to‘g‘risidagi qonun talablari buzilgan taqdirda, mutasaddi shaxslarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif etilmoqda.

Mart oyida Antimonopoliya qo‘mitasi Raqobatni rivojlantirish strategiyasi loyihasini e’lon qilgan edi. Unda 2023-yilgacha eng kamida 80 foiz monopol kompaniyalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish belgilangan.