Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi aholini chiqindilarni saralashga rag‘batlantirish uchun Clean City loyihasini tayyorlamoqda, deya xabar qildi «Gazeta.uz» muxbiri.

Loyiha 23 aprel kuni maishiy qattiq chiqindilarni boshqarish sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar uchun tashkil etilgan davra suhbatida Ekologiya qo‘mitasining abonent xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va billing tizimini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Davron Abdullayev tomonidan taqdim etildi.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, loyiha chiqindilarni qayta ishlash zavodlarning saralangan chiqindilarni qabul qilish punktlarini ochishni ko‘zda tutadi. Tizimni bir oy ichida ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Qabul punktlariga saralangan chiqindilarni topshirgan fuqarolarga ID-kartalar taqdim etiladi. Ushbu kartalarga topshirilgan har bir kilogramm chiqindi uchun pul to‘lovi tushiriladi, mablag‘larni esa loyiha hamkorlarining savdo shoxobchalarida sarflash mumkin bo‘ladi.

Loyihani qattiq maishiy chiqindilar borasidagi klasterlar va chiqindilarni qayta ishlash zavodlari qo‘llab-quvvatladi. Ular o‘rtasida o‘z vaqtida saralangan chiqindilarni yetkazib beruvchilarga naqd yoki pul o‘tkazish yo‘li bilan to‘lov qilish masalasida bahslar mavjud edi. Bugungi kunda chiqindilarni saralash bilan rasmiy maqomga ega bo‘lmagan jismoniy va yuridik shaxslar shug‘ullanmoqda. Shu sababdan sohada qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan qochishga imkoniyat tug‘diruvchi «soyadagi iqtisodiyot» katta ustunlikka ega edi.

Davron Abdullayevning ta’kidlashicha, tizim chiqindilarni saralab qabul qiluvchi va ularni qayta ishlovchilar o‘rtasidagi oraliqni olib tashlashga imkon beradi. Loyiha har bir tur bo‘yicha yig‘ilgan chiqindilar miqdori va qattiq maishiy chiqindilarni qabul punktlariga topshirgan jisoniy shaxslar daromadlari bo‘yicha shaffof hisob-kitob yuritilishiga imkon tug‘diradi.