O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pekinda o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda 25-aprel kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Belarus prezidentining O‘zbekistonga o‘tgan yilgi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani, ularni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga olib chiqqani va amaliy mazmun bilan boyitgani alohida ta’kidlandi.

Uchrashuvda ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi batafsil ko‘rib chiqildi. Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi jadal ortayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Uchrashuvda o‘zaro savdoni kengaytirish, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, turizm sohalarida qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish, ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ham fikr almashildi.

Ikki davlat rahbari sheriklikning yangi yo‘nalishlarini samarali rivojlantirish maqsadida turli darajadagi muloqotni faol davom ettirishga tayyor ekanini ta’kidladi.