Yaponiyalik aktrisa va qo‘shiqchi Asuko Maeda O‘zbekistonning Yaponiyadagi turizm brendi elchisi etib tayinlandi. 23 aprel kuni O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchisi G‘ayrat Fozilov qo‘shiqchiga tayinlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatni topshirdi, deya xabar qildi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Marosimda Asuko Maeda o‘zbek tomoniga tayinlov to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston tarixi, madaniyati va an’analarini yapon jamiyatiga tanishtirishda faol bo‘lishini ta’kidladi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov video-muloqotda aktrisani yangi missiyasi bilan tabriklab, respublikada yapon sayyohlari soni ortishiga umid bildirdi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yiach yapon sayyohlari soni 17 ming nafardan oshdi.

Asuko Maeda — AKB48 pop-guruhining sobiq a’zosi. U rejissyor Kiyoshi Kurosava O‘zbekistonda tasvirga olgan «Sayohat so‘ngi. Dunyoning boshlanishi» filmida bosh rolni ijro etdi. Kartina iyunda Tokioda taqdim etiladi.