2019 yil 23 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, tibbiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Majlis kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida dastlabki tarzda qizg‘in muhokama qilingan edi.

Majlisda dastlab «Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida"gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Prezidentning 2018 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida xalq tabobati sohasini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa — bugungi kunda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, tatbiq etilayotgan maqsadli dasturlar bilan bir qatorda, ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lib kelayotgan xalq tabobatini rivojlantirish, uni huquqiy tomondan mustahkamlash maqsadida qonunchilik tizimini shakllantirishga qaratilgan.

Asosiy e’tibor xalq tabobati usullaridan foydalangan holda tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadigan shaxslarga yoki tabiblar tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga bevosita daxldor ijtimoiy masala bo‘lganligi bois ular faoliyatini qonun doirasida tartibga solish, huquqiy maqomini belgilashdir.

Tahlillarga qaraganda xalq tabobati faoliyatining muvofiqlashtirilmasligi va nazorat qilinmasligi sababli hamda ayrim tabiblar tomonidan sifatsiz xizmatlar ko‘rsatilishi natijasida iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarining buzilishiga sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda. Buni Oliy sud tomonidan 2010−2017 yillarda tabiblar xizmatlaridan foydalanuvchi aholining huquqlari buzilishi bilan bog‘liq 1529 ta ish ko‘rib chiqilgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasi xalq tabobati sohasini tartibga soluvchi qonunchilikni shakllantirishga asos bo‘ladi. Shuningdek, xalq tabobati usulida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni litsenziyalash tibbiy faoliyatni litsenziyalash uchun belgilangan tartibda tibbiy ta’lim ma’lumoti mavjudligi talabidan tashqari amalga oshirilishiga, Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan xizmat ko‘rsatish hajmi va tartibiga, sanitariya qoida va normalariga muvofiq aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga, soxta tabiblar faolitiga chek qo‘yilishiga imkon beradi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Majlisda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan navbatdagi masala — «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ham muhokamalarga boy bo‘ldi.

Qayd etilganidek, qishloq ho‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini shaxsiy mulk sifatida berish, amaldagi yer bozorini takomillashtirish bozor iqtisodiyoti va tarkibiy o‘zgartirishlarning asosiy elementlaridan biridir. Xususiy mulkni rivojlantirish, qishloq ho‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish, ulardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, tadbirkorlik sub’ektlariga keng investitsion imkoniyatlarni ochish mazkur qonun loyihasining asosiy maqsadini ifodalaydi.

Qonun loyihasi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga jalb qilish yo‘li bilan kelgusida tadbirkorlik sub’ektlarining investitsiyaviy imkoniyatlarini kengaytirishga, xususiy mulkchilikni rivojlantirishga, uning unumli foydalanilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, foydali qazilma konlari, davlat mulkiga tegishli bo‘lgan xususiylashtirilmaydigan strategik ob’ektlar, tabiatni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, rekreatsion, tarixiy-madaniy maqsadlarda, o‘rmon va suv fondi yerlari, shuningdek, erkin iqtisodiy, kichik sanoat zonalari ishtirokchilariga berilgan yer uchastkalari xususiylashtirilmaydi.

Qonun loyihasi doirasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljalanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish sohasida vakolatli organlarning doirasi, ularning vakolatlari va hamkorligi belgilanadi.

Majlisda ko‘rib chiqilgan yana bir masala o‘zining dolzarbligi bilan diqqatga molik bo‘ldi. Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan mamlakat hududlariga chiqilib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish ahvolini o‘rganish ishlari davomida ko‘pgina joylardagi umumta’lim maktablarida tibbiy xizmat yetarli tashkil qilinmagani, chunonchi, vrach pediatr va maktab hamshirasi shtati juda kam miqdorda ajratilgani, natijada ko‘pgina maktablarda tibbiyot xonasi faoliyat yuritmayotgani aniqlandi.

Qayd etish joizki, ta’lim muassasalarida tibbiy xodim faoliyatining samarali tashkil qilinishi voyaga yetmaganlar o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash, profilaktika qilishda o‘ta muhim ahamiyatga ega.

Majlisda deputatlar muammoning ko‘lami hamda dolzarbligini inobatga olgan holda, ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining «Umumta’lim maktablarida tibbiy xizmat ko‘rsatish holatini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi parlament so‘rovini yuborishga qaror qildilar.

Majlisda deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.