23−24 aprel kunlari Toshkentda kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar poytaxtning ko‘plab tumanlarida ko‘cha va piyodalar yo‘laklariga suv toshishini keltirib chiqardi. Shahar xizmatlari va Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi sov toshqinlari oqibatlarni bartaraf etishga kirishdi.

«Gazeta.uz» shahardagi irrigatsiya tizimlari nima uchun tinimsiz yomg‘ir yog‘ishiga dosh bera olmayotganini bilish uchun Toshkent hokimiyati bilan bog‘landi.

Shahar ma’muriyati mediamarkazining qayd etishicha, suv toshqinlari oqibatlaridan ogohlantirish va bartaraf etish, shuningdek tezkor xabardor qilish bo‘yicha shahar va tuman hokimlari o‘rinbosarlari boshchiligidagi shahar va tuman shtablari tashkil etilgan.

Shahar shtabi mobilligini ta’minlash uchun Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi shtabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Ayrim tumanlarda suv toshqinlari oqibatlari bosqichma-bosqich — ob’ektlarning ijtimoiy ahamiyatidan qat’i nazar, shuningdek jalb qilingan texnikalar soni va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bartaraf etilmoqda.

Shtabga (1050 va 1055 telefon raqamlari) kelib tushayotgan murojaatlar tahlilidan kelib chiqib tabiiy hodisa oqibatlarini kamaytirish uchun turli maqsadlarda qo‘llashga mo‘ljallangan 50 dan ortiq maxsus texnikalar jalb qilindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Chilonzor, Yakkasaroy, Mirobod, Yashnobod, Uchtepa, Olmazor va Sergeli tumanlarida bir soat ichida 12 mm miqdorida yomg‘ir yog‘di. Shu sababli irrigatsiya va drenaj tizimlari bunga dosh bera olmaydi va suv ko‘cha va yo‘llarga toshib chiqdi.

Besh sabab

Irrigatsiya va drenaj tarmoqlari kapital ta’mirga muhtoj. Toshkent Boshplanliti DUK tomonidan ishlab chiqilgan loyihaviy taklifga ko‘ra, irrigatsiya tizimini kapital ta’mirlash uchun, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etiladi. Ushbu smetada faqatgina xom-oshyoning narxlari (2016 yil holatiga) nazarda tutilgan. Muammoni bartaraf etish uchun 2019 yil yanvar oyidan boshlab Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankining grantlari hamda imtiyozli kreditlarni jalb qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Ko‘chalarga suv toshib chiqishining ikkinchi sababi sifatida hokimiyat insonlar tomonidan tashlangan maishiy чиқиндиларни keltirib o‘tgan. Irrigatsiya tarmoqlari (suv yo‘llari, lotoklar) maishiy chiqindilarga to‘lib ketgan. Aksariyati polietilen paketlar va baklajkalar bo‘lib, suv yo‘lining tiqilib qolishiga olib kelgan. Hozirda shaharda 10 ga yaqin kanal yuvuvchi mashina mavjud.

Yana bir sabab — noqonuniy qurilishlar. Hokimiyat irrigatsiya tarmoqlariga noturar va turar joylarning bino-inshootlari qurilishi natijasida suv yo‘llarining yopib yuborilganini keltirib o‘tdi.

Bundan tashqari, ayrim mansabdorlarning sansalorligi sababli suv toshqini yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan hududlarda zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rilmasligiga olib kelgan.

Hokimiyatning fikricha, qurilishga (bino-inshoot, yo‘l, ko‘prik) ruxsatb yeruvchi tashkilotlar tomonidan loyiha hujjatlarida irrigatsiya tarmoqlarini nazarda tutilishiga qat’iy talablar qo‘yilmagan. Ushbu tashkilotlar bilan Toshkentdagi irrigatsiya tarmoqlarini saqlashga mas’ul tashkilotlar bilan majburiy kelishish amaliyoti yo‘lga qo‘ymagan.