Ilgari ikki bor sudlangan buxorolik N. Islomov oldingi hukm bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosining o‘talmagan qismlari qo‘shilib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudi raisi Nozimjon Jo‘rayev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

1995 yilda tug‘ilgan N. Islomov ilgari ikki marotaba jinoyat ko‘chasiga kirib, o‘g‘rilik jinoyatlarini sodir qilib, sud tomonidan jazo tayinlangan bo‘lsa-da, tuzalish yo‘liga kirish o‘rniga yana qasddan jinoyat sodir qildi.

Birinchi marotaba 2015 yilda JK 169-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, uning yoshligi e’tiborga olinib, bu muddat 3 yil sinov muddati belgilandi.

Ikkinchi marotaba 2016 yilda, hali sinov muddati tugamasdan N. Islomov yana o‘g‘irlik jinoyatini sodir etganligi uchun unga JK 169-moddasi 3-qismining «a» bandi bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

N. Ismoilovning yoshligi, qilmishidan pushaymon bo‘lganligi, hali oila qurmaganligi, mehr-oqibat nuqtai nazaridan jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi ozodlikdan mahrum qilish jazosini ahloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirgan. Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, N. Islomovga imkoniyat bir emas, ikki marotaba berilgan.

Yuzaga kelgan ba’zi qiyinchiliklarni hal qilish uchun ter to‘kib ishlash, uzoq fursat lozimligi va sabr-toqat qilish shartligi N. Islomovga tinchlik bermadi. U qanday qilib bo‘lsa-da, tez boyib ketish uchun yana o‘g‘irlik qilishga ahd qildi.

2018 yil 4 oktabr kuni kuppa-kunduzi, soat 11:00 larda N. Islomov o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish maqsadida Buxoro tumani «Rabotak» MFY O‘zbekiston ko‘chasidagi M. Abdullayevaga qarashli qurilishi tugallanmagan 46-uyga devordan oshib kiradi.

Xonalarda to‘rt devordan boshqa hech vaqo yo‘qligini ko‘rgan N. Ismoilov, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda, jinoiy harakatlarni oxiriga yetkaza olmagan.

Shu paytning o‘zida, soat 11:05 larda fuqaro M. Abdullayevaning o‘zi va oila a’zolari istiqomat qilayotgan shu uy bilan yonma-yon joylashgan ikkinchi uyiga o‘tgan, uyda xonadon a’zolari borligini sezgan va yana o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda jinoiy harakatlarni oxiriga yetkaza olmasdan, o‘g‘irlik jinoyatini sodir etishga qasd qilgan.

N. Islomov endi orqaga qaytish o‘rniga «ovi yurishmagan yirtqich» singari jinoiy harakatlarni davom ettirdi. Endi N. Ismoilov ushbu uyga qo‘shni joylashgan T. Muhiddinovning uyiga devordan oshib tushib, uyda bo‘lgan 325 ming so‘mlik moddiy boyliklarini va temir seyfdan 6 mln. 945 ming so‘m naqd pullarni o‘marib, jabrlanuvchiga jami 7 mln. 270 ming so‘mlik moddiy zarar yetkazgan.

Ushbu jinoyat to‘g‘risidagi xabar yetib kelgani zahoti ichki ishlar bo‘limi xodimlarining tezkor va unumli harakatlari bois jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi N. Islomov qo‘lga olindi.

Sud jarayonida N. Islomov aybiga iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymon ekanligini, oilaviy sharoitini inobatga olib, yetkazilgan zararning 6 mln. 570 ming so‘mini qoplaganini, qolgan 700 ming so‘mini ham qoplashini inobatga olib, qonuniy yengillik berishni so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro tuman sudining hukmiga ko‘ra, N. Islomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 25,169-moddasi 3-qismining «a» bandi va 169-moddasi 3-qismining «a» moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, oldingi hukm bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari jazosining o‘talmagan qismlari qo‘shilib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, N. Islomov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topildi va tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.