O‘zbekiston prezidentining 23 apreldagi qarori bilan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda qator jarayonlar soddalashtirildi.

Hujjat bilan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan quyidagilarni talab qilib olish taqiqlandi:

  • ruxsat etuvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda — karantin ostidagi mahsulotlarni eksport va import qilishda zararsizlantirish (fumigatsiya) dalolatnomasini;
  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda — o‘rov varag‘ini;
  • import qilinayotgan tovarlarga vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini berishda -O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kelganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilgan tovarlarning kuzatuv hujjatlarini (tovar-transport yuk xati, invoys, hisob-faktura va boshqalar);
  • vakolatli organlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olishda — ishonchnomalarni;
  • import tovarlariga muvofiqlik sertifikatini berishda — normativ hujjat nusxasi, sanitar-epidemiologik xulosa nusxasini;
  • vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda — ishlab chiqaruvchi mamlakat to‘g‘risida sertifikatni.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 yanvardan boshlab tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga muvofiqlik sertifikatini berishda — xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlardan tashqari, vakolatli organlar tomonidan qog‘oz shaklida beriladigan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarning asli va nusxalarini talab qilish taqiqlandi.

Veterinariya ruxsatnomalarini, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun eksport qilishdan 30 kun oldin ariza bilan murojaat qilish zarurati to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda.

Karantin ruxsati va ekologik sertifikatini berish muddati ularni olish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda ariza berilgan kundan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi kerak.

Endilikda tovarlar va transport vositalari, agar mazkur tovarlar va transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli bo‘lmasa, ularni fitosanitariya va (yoki) veterinariya nazoratidan o‘tkazish taqiqlanadi.

Tranzit orqali O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi karantin ostidagi tovarlarni karantin tekshiruvidan o‘tkazish haq olinmagan holda amalga oshiriladi.

Bojxona yuk deklaratsiyasi «sariq» yo‘lakdan «qizil» yo‘lakka o‘tkazilgan holda mazkur o‘tkazishni amalga oshirgan xodim tomonidan bojxona tekshiruvini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

2021 yil 1 yanvarga qadar «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi joriy etiladi. Uning mexanizmlari tashqi faoliyat sub’ektlariga quyidagilarni amalga oshirishga imkon beradi:

  • import, eksport va tranzitga taalluqli barcha tartibga solish talablarini bajarish maqsadida standartlashtirilgan ma’lumotlar va hujjatlarni yagona o‘tkazish kanalidan foydalangan holda taqdim etish;
  • axborot almashinuvning maxfiyligi va xavfsizligini ta’minlovchi normativ-huquqiy baza bilan mustahkamlagan holda, tashqi savdo bitimlariga doir barcha axborotlarni almashish;
  • davlat bojxona xizmati, vakolatli organlar, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ruxsat etuvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning bosqichlarini masofadan kuzatish;
  • barcha uchun ochiq bo‘lgan elektron shakldagi ruxsat etuvchi hujjatlar reyestrlarini yuritishga to‘liq o‘tish;
  • O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardagi epizootik, karantin va fitosanitariya holatlari to‘g‘risidagi ochiq ma’lumotlarni eng so‘nggi ko‘rsatkichlar holatida ushlab turish;
  • dastlabki ma’lumotlar asosida tovarlar O‘zbekiston hududiga amalda yetib kelishiga qadar ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berish.

Tovarlarning alohida turlari uchun mo‘ljallangan laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan va eng optimal manzillarda joylashtirilgan maxsus o‘tkazish punktlari va bojxona postlarini ochish rejalashtirilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari va vakolatli organlarga chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tishning aniq muddatlarini (daqiqalarda) belgilash, bojxona posti hududiga kirish va chiqish vaqtini qayd etish, shuningdek, bir-birini takrorlovchi nazorat funksiyalarini bekor qilishni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida tekshiruv tartib-taomillaridan o‘tish reglamentini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirildi.

Tovarlarning bojxona qiymatini xatarlarni boshqarish tizimining xavf ko‘rsatkichlari qatoriga kiritish, shuningdek, qonunga xilof maqsadlarda davlat bojxona xizmati organlari mansabdor shaxslari tomonidan mezonlarni manipulyatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq choralar ko‘rish belgilandi.