Xorijdagi qiyin vaziyatlarga tushib qolgan ayollarga yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Qo‘mita OAVdagi xorijga turmushga chiqqan ayollarning maxsus ro‘yxati tuzilishi to‘g‘risidagi xabarlarni rad etdi. «Maxsus ro‘yxat tuzilmaydi. Biz xorijda qiyin vaziyatlarga tushib qolgan ayollarga yordam ko‘rsatamiz», — deya qayd etdi matbuot xizmati.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, chet ellik turmush o‘rtoqlari tomonidan zo‘ravonlikka uchragan o‘zbekistonlik ayollar ketma-ket bir necha marotaba murojaat qilganidan mazkur masala o‘rtaga chiqqan.

Xotin-qizlar qo‘mitasi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari jabrlangan ayollarga yordam tashkillashtirmoqda. Bundan tashqari, Sankt-Peterburgda istiqomat qiluvchi O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qiluvchi «Madad» nodavlat tashkiloti bilan kelishuv imzolandi.

«Bizning maqsadimiz — nafaqat chet elga turmushga chiqqan, balki xorijga ishlash uchun ketgan ayollarga ham yordam berishdan iborat. Biz ro‘yxat tuzishni maqsad qilmaganmiz, vazifamiz — xorijda bo‘lgan fuqarolarimiz, asosan ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish. Hech qandayn holatda ham ushbu ayollarning shaxsiy hayotiga aralashilmaydi», — dedi qo‘mita vakili.