Xalq ta’limi vazirligining Ichki audit va moliyaviy nazorat boshqarmasi tomonidan birinchi chorakda 1444 ta tashkilot hamda maktablarda jami 11,4 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, deya xabar qildi XTV matbuot xizmati.

Jumladan, ortiqcha va qo‘shimcha rejalashtirilgan mablag‘lar 4,3 mlrd so‘m (37,5 foiz aniqlangan umumiy mablag‘dan), haqiqatda ishlamaydigan xodimlarga, ortiqcha saqlangan shtat birliklari hamda ishchi-xodimlar tomonidan bajarilmagan ish hajmlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlar 2,07 mlrd so‘mni (18,2 foiz) tashkil etgan.

Bundan tashqari, malaka toifalarini belgilash sertifikatlarini qalbakilashtirish hamda ustama va mukofot pullarining ortiqcha to‘lanishi natijasida aniqlangan to‘lovlar summalari 2,02 mlrd (17,7 foiz) so‘mga yetgan.

Mazkur holatlar bo‘yicha tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 190 ta umumiy summasi 3 mlrd 865,7 mln so‘mlik o‘rganish materiallari huquq-tartibot organlariga topshirilib, 279 nafar mas’ul shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy choralar ko‘rildi.

Byudjet qonunchiligini buzish holatlari profilaktikasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida aniqlangan 3 mlrd 23,4 mln so‘m miqdordagi noqonuniy sarflangan byudjet mablag‘lari belgilangan tartibda qaytarildi.