TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ilmiy ishlanmalarga oid loyihalarini tijoratlashtirishga Turkiyaning yirik tadbirkorlarini jalb qilishga ko‘maklashadi, deya xabar qildi O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

17 aprel kuni innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Sharof Rajabboyevning Turkiyaning Hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha boshqarmasining (TIKA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Isxan Chag‘lar hamda Turkiya milliy ta’lim vazirining maslahatchisi professor Mustafa Xilmi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Ali Isxan Chag‘lar Turkiya milliy ta’lim vazirining maslahatchisi Mustafa Xilmini vazirlik maslahatchisi sifatida faoliyat olib borishi uchun nomzod sifatida taklif qildi. Uning innovatsion faoliyatni rivojlantirish borasida katta tajribaga egaligini bildirib o‘tdi. Mustafa Xilmi o‘z rejalari haqida so‘zlab berdi.


Bundan tashqari, 18−19 aprel kunlari Kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi Innovatsion rivojlanish, pedagog kadrlarni malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari direktorlari, hududiy boshqarmalarning kasb-hunar kollejlariga metodik ko‘maklashish bo‘yicha maslahatchi -metodistlar uchun Mustafa Xilmi Cholako‘g‘li «Kasb-hunar ta’limida innovatsion yondashuv» mavzusida seminar o‘tkazdi.

Turkiya Hamkorlik va rivojlanish bo‘yicha boshqarmasi rivojlanayotgan mamlakatlarga ko‘mak berish hamda ularga iqtisodiyot, savdo, ilmiy-texnik, madaniyat, ta’lim va ijtimoiy sohalarda munosabatlarni o‘rnatish maqsadida 1992 yili tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 20 ta mamlakatida 23 ta muvofiqlashtiruvchi idorasi faoliyat yuritmoqda.