O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari bilan 2019 yilgi vegetatsiya davrida Sirdaryo va Amudaryo havzalari bo‘yicha suv limitlari to‘g‘risidagi kelishuvga erishdi. Bu haqda O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

19 aprel kuni Toshkentda Suv xo‘jaliklarining davlatlararo muvofiqlashtirish komissiyasining 76-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda muzokaralar yakunlari bo‘yicha suv iste’moli limitlari hamda suv omborlari kaskadlari faoliyati prognoz rejimlari tasdiqlandi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerlan Nisanbayev, Tojikiston energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Sulton Rahimzoda va Turkmaniston suv xo‘jaligi davlat qo‘mitasining suvdan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Baygeldi Bayjonov ishtirok etdi.

Mamlakatlar Orol dengizi havzasi davlatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqishda ishtirok etish masalasini ham ko‘rib chiqdi.