Janubiy Koreyaning SK Engineering & Construction kompaniyasi Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qiladi, deya xabar berdi BussinessKorea. 21 aprel kuni kompaniya «O‘zbekneftgaz» bilan 600 mln dollarlik shartnomani imzoladi.

1997 yilda asos solingan zavod ilk bor texnologik jihatdan yangilanadi. Ishlar tugaganidan so‘ng NQIZ yiliga 2,5 mln tonna neft va gaz kondensatini qayta ishlash hisobiga 1,2 mln tonna «Yevro-5» standartiga mos benzin, 200 ming tonna aviakerosin, 750 ming tonna dizel yoqilg‘isi va 30 ming tonna mazut ishlab chiqaradi. Avvalroq esa zavod modernizatsiyasiga 553 mln dollar yo‘naltirilishi haqida xabar qilingan edi.

SK E&C va «O‘zbekneftgaz» zavod modernizatsiyasi bo‘yicha muzokaralarni 2016 yilda boshlagan edi. O‘zbekiston ekologik standartlarga muvofiq kelish uchun ob’ektlarini yangilashi lozim, deya qayd etdi nashr. Janubiy Koreya kompaniyasi uchun bu mamlakatdagi birinchi loyihadir.

Mart oyida qurilishi 2017 yil aprelida boshlangan Jizzax viloyatida neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi to‘xtatilgan edi. «Neftgazinvest» kompaniyasi direktori Xusniddin To‘rayevning qayd etishicha, asosiy e’tibor hozirda faoliyat ko‘rsatayotgan Buxoro va Farg‘ona zavodlariga qaratiladi.