1 maydan boshlab O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga hujjat topishirish jarayoni boshlanishi rejalashtirilgan, deya xabar qildi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida OTMlarga hujjat qabul qilishni may oyidan boshlash ko‘zda tutilgan. O‘tgan yillarda o‘rta ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlar hujjat topshirishlari mumkin. Attestat va diplomlarini iyun oxirida oluvchi maktab, litsey va kollejlar bitiruvchilari esa 10 iyulgacha hujjat topshirishlari mumkin bo‘ladi.

Davlat xizmatlari agentligining qayd etishicha, endi abituriyentlar istalgan milliy OTMga hujjatlarni o‘z yashash joyidan uzoqlashmasdan — Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki uyidan chiqmasdan — my.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.

Abituriyentlar hujjatlarini onlayn topshirishlari uchun 4 qadamdan iborat maxsus shakllarni to‘ldirishlari kerak.

  1. Pasport, yashash manzili, telefon ma’lumotlarini to‘ldirish;
  2. Tugatgan o‘quv muassasi haqida axborot kiritish (kollej, litsey yoki maktab);
  3. O‘quv shaklini (kuduzgi, kechgi, sirtqi) va tilini tanlash, test topshirish grafikini belgilash. Shu yerning o‘zida ustuvorlik tartibi bilan 3 ta istalgan oliy ta’lim muassasasini tanlab, sinovdan o‘tkaziladigan xorijiy til va imtihon topishiriladigan hududni belgilash zarur;
  4. Davlat bojini to‘lash (maxsus tizimlar orqali onlayn to‘lov amalga oshirish imkoni joriy etiladi).

Shundan so‘ng ariza ko‘rib chiqish uchun yuborilib, abituriyentga bu haqida tegishli xabarnoma yo‘llanadi.

Davlat test markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda abituriyentlar soni avvalgi yilga nisbatan qariyb 500 ming kishiga ortib, 1,2−1,3 mln nafarni tashkil etishi mumkin.

2018 yilda OTMlarga kirish imtihonlari (xorijiy OTMlar filiallarini hisobga olmaganda) 1−15 avgust kunlari bo‘lib o‘tdi. Unga qadar esa sinovlar faqat bir kunda bo‘lib o‘tar edi.