Shri-Lankadagi katolik cherkovlari va mehmonxonalarda sodir etilgan sakkizta portlash qurbonlari soni 290 kishiga yetdi, yana 500 kishi jarohatlandi, deya xabar qildi RIA Novosti. Avvalroq 207 kishining qurbon bo‘lgani va 450 kishining jarohat olgani aytilgan edi.

Vafot etganlar orasida Daniya, Yaponiya, Pokiston, Marokash, Hindiston, Bangladesh, Xitoy, Niderlandiya, AQSH, Turkiya va Buyuk Britaniya fuqarolari bor.

Mudofaa vaziri Ruvan Vijevardena terroristik aktlarni diniy ekstremistlar sodir etganini qayd etdi, deya yozmoqda Interfaks. U aksariyat portlashlar xudkush terrorchilar tomonidan amalga oshirilganini ma’lum qildi.

Portlashlarda aloqadorlikda gumonlanib 24 kishi qo‘lga olingan. Politsiya hujumlarda foydalangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan yu mashinasini aniqladi. Teraktlarni mamlakat prezidenti Maytripala Sirisen topshirig‘i bilan tuzilgan maxsus komissiya tergov qilmoqda.

Shri-Lankada yakshanba kuni Pasxa bayrami nishonlanayotgan vaqtda qator portlashlar sodir etildi. Birinchi oltita portlash Kolombo, Negombo va Battikaloadagi uchta cherkov va uchta mehmonxonada, yettinchisi — orol-davlat g‘arbida, sakkizinchisi — Kolombodagi turar joy majmuasi yaqinida amalga oshirildi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shri-Lanka prezidenti Maytripala Sirisenaga hamdardlik yo‘lladi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.