Ikki kun davomida O‘zbekiston bo‘ylab beqaror ob-havo hukmronlik qiladi. 23−24 aprel kunlari yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda kuchayishi mumkin. 25 apreldan oy oxiriga qadar yog‘ingarchiliklar kutilmayapti. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zgidrometga tayanib xabar qildi.

24−25 aprel kunlari havo harorati +13…+18 daraja, kechasi — +5…+10 darajaga tushib, me’yordan 5−7 daraja past bo‘ladi. Keyinchalik hava harorati ko‘tarilib, oy oxiriga borib ushbu davr uchun me’yoriy darajaga chiqadi.

Bu yil aprel oyi yog‘ingarchiliklari bilan farq qiladi, deya qayd etdi FVV. Respublikaning katta qismida, shimoliy hududlar va Farg‘ona vodiysini hisobga olmaganda, 10−15 kun davomida turlicha jadallikdagi yomg‘irlar yog‘ishi kuzatildi, yog‘incharliklar miqdori esa oylik me’yordan oshdi.

«Bir necha soat ichida oylik me’yorning yarmi miqdorida kuchli, ayrim joylarda juda kuchli yomg‘ir yog‘ini noyob hodisadir. Masalan, Boysunda ikki kundan kamroq vaqt ichida qariyb ikki oylik me’yor miqdorida yomg‘ir yog‘di. Toshkentda 19 va 20 aprel tunlari (ya’ni ikki kecha-kunduzda) aprel oyi me’yoridan ko‘proq yomg‘ir yog‘di».

FVV apreldagi yomg‘irli havo nam janubiy havo oqimlari va Rossiyaning Yevropa qismidan birmuncha sovuq massalarning kirib kelishi bilan izohladi.

«Aprelda kuchli yomg‘ir yog‘ishini anomal hodisa deb bo‘lmaydi, chunki aprel — yilning eng yomg‘irli oylaridan biri, biroq, shunday bo‘lsa ham, bu yilgi kabi seryog‘in aprel har 4−5 yilda bir marta kuzatiladi», — deyiladi FVV xabarida. Toshkentda eng yomg‘irli aprel esa, vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 1990 yilda kuzatilgan. O‘shanda bir oy ichida poytaxtda qariyb uch oylik o‘rtacha me’yoriy miqdorda yomg‘ir yoqqan. Bir kunning o‘zida bir oylik yomg‘ir yog‘ishi qayd etilgan.

Yaqin kunlar uchun ob-havo ma’lumoti