Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qarorga muvofiq quyidagilar belgilandi:

ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o‘zlari yashab turgan turar joylarni ular Mehribonlik uylariga joylashtirilgan, vasiylikka yoki homiylikka oluvchi bilan birga yashayotgan butun vaqt mobaynida, o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga qadar bronlashtirish huquqi beriladi;

bolalarning ro‘yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat’i nazar, ularga barcha ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi;

bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to‘liq ko‘rib chiqish kafolatlanadi va bola to‘liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko‘rmasdan qoldirishga yo‘l qo‘yilmaydi;

14 yoshga to‘lgan bola o‘zining ta’minoti uchun bir vaqtning o‘zida ota-onaning har ikkalasidan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqli;

bolalarni himoya qilish maqsadida sudlarga ariza bilan murojaat qilgan da’vogar davlat boji va boshqa to‘lovlarni to‘lashdan ozod qilinadi.

Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari — Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.

2019 yil 1 sentyabrdan erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi o‘n sakkiz yosh etib belgilandi.

2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun qo‘shimcha ravishda bir foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.

Davlat statistika qo‘mitasiga onalik va bolalikka oid statistik ma’lumotlarni «stat.uz» veb-saytiga joylashtirishni va ma’lumotlarni doimiy ravishda yangilab borish vazifasi yuklandi.

«Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoyalash to‘g‘risida"gi qonun ishlab chiqiladi.

Hujjat haqidagi to‘liq ma’lumot bilan www.lex.uz sayti orqali tanishish mumkin.