Jizzax viloyat hokimligiga Amerika Qo‘shma Shtatlarining nufuzli «Alfa Eko» kompaniyasi negizida tashkil topgan «Amerika soya loviyasi korporatsiyasi» (American soybean corporation) delegatsiyasi vakillari tashrif buyurdi. Bu haqda viloyat hokimligining matbuot xizmati xabar berdi.

«American soybean corporation» kompaniyasi vakillarini viloyat hokimi Ergash Soliyev hamda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan muzokarada investorlar viloyatda soya yetishtirish imkoniyatlarini yuqori baholadilar.

«American soybean corporation» prezidenti Fima Potik boshlanishiga 100 gektar maydonda soya yetishtirish, uni qayta ishlash va ist’emolga tayyor holatga keltirishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida gapirdi.

Uchrashuvda 300 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritgan holda, ushbu o‘simlikni ekish, qayta ishlash va tayyor mahsulot holatiga keltirib, ichki bozorni ta’minlash bilan birga xorijga eksport qilish jarayonlarini hamda logistika markazlarini qamrab olgan klasterni tashkil etish, soya chiqindisidan chorva ozuqasini ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, «American soybean corporation» viloyatda soyani hozirda yaroqsiz va foydalanilmayotgan yerlarda ekishni rejalashtirgan.

Shuningdek, sohaga zarur kadrlarni yetkazib berish, mutaxassislar tayyorlash yuzasidan fikr almashildi. Klaster uchun ekin yer maydonlarining ajratilishi, mahalliy fermerlar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv so‘ngida ikki tomon o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.