O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 1 aprel holatiga 33 million 375 ming 800 kishini tashkil etib, yil boshidan buyon 120,3 ming kishiga yoki 0,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining demografik vaziyatga bag‘ishlangan hisobotida so‘z boradi.

Jumladan, shahar aholisi soni 16,865 mln kishini (jami aholi sonidagi ulushi 50,5%), qishloq aholisi soni esa 16,510 mln kishini (49,5%) tashkil etdi.

Respublika doimiy aholi sonining 30,4 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 59,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilar va 10,1 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda

Birinchi chorakda 159,5 mingta bola tug‘ilganligi qayd etilgan bo‘lib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 1000 aholiga nisbatan tug‘ilish koeffitsiyenti 19,4 promilleni tashkil etdi (2018 yilning yanvar-mart oylarida 18,2 promille bo‘lgan).

Yil davomida 37,1 mingta — 20,7 ming erkak va 16,4 ming ayollar o‘limi qayd etilgan. 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 4,5 promilleni tashkil etdi, 2018 yilning mos davriga nisbatan 0,2 promillega kamaygan (2018 yil birinchi choragida 4,7 promille bo‘lgan).

Qayd etilgan vafot etganlarning 63,8 foizi — qon aylanish tizimi kasalliklaridan, 9 foizi — o‘simtalardan, 5,2 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan, 5,1 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 4,3 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 1,4 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan hamda 11,2 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalar soni 1600 nafarni tashkil etib, ularning 52,1 foizi — perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 20,3 foizi — nafas olish a’zolari kasalliklaridan, 16 foizi — tug‘ma anomaliyalardan, 2,1 foizi — yuqumli va parazitar kasalliklardan, 2,1 foizi — baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,7 foizi — ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklaridan va 6,7 foizi — boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Aholining tabiiy o‘sishi 122,4 ming kishini tashkil etib, 2018 yilning mos davriga nisbatan 13 ming kishiga (2018 yilning yanvar-mart oylarida109,4 ming kishi bo‘lgan) o‘sgan.

FHDYO organlari tomonidan 53,7 ming nikoh qayd etildi, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikoh tuzish koeffitsiyenti 6,5 promilleni tashkil etdi. Tuzilgan nikohlar soni 2018 yilning mos davriga nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Namangan viloyati (19,4%), Toshkent shahri (12,9%), Toshkent viloyati (12,8%), Jizzax (11,8%), Andijon (9,1%) va Sirdaryo (9,1%) viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda.

FHDYO organlari tomonidan 8000 ta nikohdan ajralishlar qayd etilgan bo‘lib, mos ravishda 1000 aholiga nisbatan nikohdan ajralish koeffitsiyenti 1 promilleni tashkil etdi. Ajrimlar sonida yuqori o‘sish sur’atlari Buxoro (25 foizga), Namangan (16,7 foizga) va Andijon (11,1 foizga) viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda. 2018 yilning mos davriga nisbatan sezilarli kamayish Qashqadaryo (33,3 foiz), Samarqand va Xorazm viloyatlari (11,1 foizga)da kuzatildi.

O‘zbekistonga ko‘chib kelganlar soni 41,5 ming kishini (40,7 ming kishi respublika hududlaridan, 800 kishi xorijiy mamlakatlardan), ko‘chib ketganlar soni esa 43,6 ming kishini (40,7 ming kishi respublika hududlariga, 2900 kishi xorijiy mamlakatlarga) tashkil etdi. Migratsiya saldosi minus 2100 kishi bo‘lib, 2018 yilning mos davrida minus 2500 kishi bo‘lgan.

Migratsiya saldosining yuqori darajasi Qashqadaryo viloyatida (minus 1400 kishi), Samarqand viloyatida (minus 1300 kishi), Toshkent va Buxoro viloyatlari (minus 800 kishi)da qayd etildi. Migratsiya saldosining ijobiy darajasi Toshkent shahrida (plyus 5,8 ming kishi) kuzatildi.