Birinchi chorakda O‘zbekiston aholisining umumiy daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,6 foizga o‘sib, 64,9 trln so‘mni tashkil etdi, deya xabar qildi Davlat statistika qo‘mitasi. Aholi jon boshiga umumiy daromadlar 1,948 mln so‘m, aholi jon boshiga real umumiy daromadlar esa 1,719 mln so‘mni tashkil etdi.

Umumiy daromad doimiy tushib turadigan pul va natural ko‘rinishdagi daromadlarni o‘z ichiga oladi. Real daromad esa chakana narxlar va tariflar o‘zgarishlarini hisobga olgan holda real xarid qilish qobiliyatini anglatadi.

Aholi jon boshiga o‘rtacha umumiy daromadlari bo‘yicha Toshkent shahrida (4,7 mln so‘m) hamda Navoiy (2,9 mln so‘m), Buxoro (2,2 mln so‘m) va Toshkent (2,1 mln so‘m) viloyatlarida o‘rtacha respublika darajasidan yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgani kuzatildi. Aholi jon boshiga daromadlarning eng quyi ko‘rsatkichlari esa Namangan va Farg‘ona viloyatlarida — 1,4 mln so‘m hamda Surxondaryo viloyatida — 1,5 mln qayd etildi.

Aholi umumiy daromadining 66 foizi mehnat faoliyatidan, 26,1 foizi esa transfertlardan iborat bo‘ldi. Shuningdek, mol-mulkdan olingan daromadlar 5,3 foizni tashkil etdi.

Transfertlardan olingan daromadlar tuzilmasida ijtimoiy to‘lovlar (pensiya, nafaqa, stipendiya, dotatsiya va boshqalar) 47,3 foiz, boshqalar esa (chet ellardan pul o‘tkazmalari va boshqalar) 52,7 foizni tashkil etdi.

Pensiya, nafaqa va stipendiyalar hajmining o‘zgarishi aholi umumiy daromadining 3,5 foizga o‘sishini ta’minladi. Chet eldan pul o‘tkazmalarining aholi umumiy daromadidagi ulushi 13,7 foizga oshdi.