O‘zbekistonda joriy yilning 22−28 aprel kunlari velosportning shosse yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati o‘tkaziladi. Qit’aning 40 ga yaqin davlatlardan 500 ga yaqin velosportchilar ishtirok etadigan mazkur musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish va qatnashuvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga olib boruvchi bir qator avtomobil yo‘llari hafta davomida soat 07:00 dan 18:00ga qadar yopiladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Bu haqda Toshkent viloyati IIB YHXB matbuot xizmati xabar berdi. 23−24−25−26 aprel kunlari soat 07:00 dan 18:00 ga qadar 22 kilometrlik masofada velosport o‘tkazilishi munosabati bilan 4R12 «Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ qo‘rg‘oni» avtomobil yo‘lining 32-kilometridan 62-kilometrlarigacha bo‘lgan qismida vaqtinchalik avtomobil harakati to‘xtatiladi.

27 aprel kuni soat 07:00 dan 18:00ga qadar «International Hotel Tashkent» mehmonxonasidan start olgan velopoygachilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida 4R12 «Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ qo‘rg‘oni» avtomobil yo‘li to‘liq va 4R10 «Chorbog‘ suv ombori halqa yo‘li» ning 61 kilometrgacha (Sijjak qishlog‘igacha) bo‘lgan avtomobil yo‘lida vaqtinchalik avtomobil harakati to‘xtatiladi.

28 aprel kuni 4R12 «Bektemir — Chirchiq — G‘azalkent — Chorbog‘ qo‘rg‘oni» avtomobil yo‘lining 62 kilometrgacha bo‘lgan qismida va 4R6 «Toshkent-Chirchiq-Chimyon» avtomobil yo‘lining 54 kilometridan 76 kilometrigacha (Bildirsoy dam olish maskanigacha) bo‘lgan masofadagi qismida vaqtinchalik avtomobil harakati to‘xtatiladi.

Shu munosabat bilan Bo‘stonliq tumaniga dam olish maqsadida boruvchi haydovchilarga 4R6 «Toshkent — Chirchiq — Chimyon» avtomobil yo‘li (Chirchiq shahri orqali)orqali harakatlanish tavsiya etiladi.