18 aprel kuni «Ozodlik» radiosi «Qodirov ishi» doirasida hibsga olingan mansabdor shaxslar tergov davomida qiynoqlar haqida xabar berishdi" nomli maqolani e’lon qildi. Maqolada ayblanuvchilar — bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov va Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramovga nisbatan jismoniy va psixologik zo‘ravonlik va qo‘pol munosabatda bo‘lingani qayd etilgan.

Bosh prokuratura qiynoqlarga yo‘l qo‘yilgani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi. Mahkama tomonidan sobiq bosh prokuror Rashitjon Qodirov va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov olib borib, 13 nafar shaxsga mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish, pora olish, shuningdek, boshqa mansabdorlik va iqtisodiy jinoyatlarni sodir etish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

«Dastlabki tergov Jinoyat-protsessual kodeksining qoidalariga qat’iy amal qilgan holda olib borilgan, ayblanuvchilarga va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan hech qanday qiynoqlar yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilmagan», — deyiladi xabarda.

Ayblanuvchilar Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramov «ularga qo‘yilgan ayblovlarni faqat qisman tan olgan, bu esa ularga ayblov bo‘yicha o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati berilgani va ularga nisbatan jismoniy tazyiq o‘tkazilganlik fakti mavjud emasligidan dalolatdir».

Bundan tashqari, 11 apreldagi ushbu jinoyat ishi bo‘yicha avval e’lon qilingan rasmiy xabarda ta’kidlanganidek, dastlabki tergov va sud jarayonida barcha ayblanuvchilarning sog‘lig‘i Ichki ishlar vazirligi tibbiy muassasalarining doimiy tibbiy kuzatuvida va nazorati ostida bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, dastlab jinoyat ishini sudda ko‘rish boshlanganida sudlanuvchilar Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramov sudda so‘roq qilish jarayonida o‘z ko‘rsatmalarida sodir etilgan jinoyatlarda aybdorligini tan olib, o‘z qilmishlariga amalda pushaymonligini bildirishdi, ammo keyinchalik ular o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirib, xuddiki ularga nisbatan qiynoq va tahdidlar qo‘llangani haqida xabar berishdi.

«Qonunchilikka binoan, ayblanuvchi va sudlanuvchilar ularga nisbatan e’lon qilingan ayblov bo‘yicha har qanday pozitsiyani egallash huquqiga ega. O‘z navbatida Bosh prokuratura Ulug‘bek Sunnatov va Ulug‘bek Xurramovning tergov davomida ularga nisbatan qiynoqlar qo‘llanganligi to‘g‘risidagi vajlariga javoban aniq pozitsiyasini bildirib, yuqoridagi ko‘rsatmalar haqiqatga mos kelmasligini qat’iy ta’kidlaydi», — deyiladi xabarda.