18 aprel kuni innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Koreya Respublikasining kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vaziri Pak Yun Sun o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumi imzolandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uzga xabar qildi.

Shuningdek Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligida Koreya Respublikasining Kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vazirligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Koreya Respublikasi Xalqaro innovatsion indeksda 12-pog‘onani egallab, hatto Yaponiya, Italiya, Finlyandiya kabi mamlakatlardan ham yuqori o‘rinda turadi. Blumberg Innovatsion Indeksi reytingida esa ilmiy tadqiqotlar, oliy ta’lim tizimi va patent faoliyati bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi.

Koreya davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 3,35 milliondan ortiq kichik va o‘rta innovatsion korxona faoliyat yuritib kelmoqda, bu ro‘yxatga olingan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning 99,9 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida, aholini ish bilan ta’minlash darajasi esa 87,7 foizni tashkil etadi. Bu innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yoshlarning startap loyihalarini ishga tushirishda o‘ziga xos qulay shart-sharoitlar yaratilishi tufayli erishilgan natijalardir.

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi Janubiy Koreya tajribasiga tayangan holda startap ekotizimni yo‘lga qo‘yish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish orqali 2030 yilda O‘zbekistonning Xalqaro innovatsion indeksda yetakchi 50 mamlakatlari qatorida joy olishiga erishishi ta’minlanishi qayd etildi.

Uchrashuv doirasida tomonlar joriy yilning noyabr oyida tashkil etiladigan K-Startup Grand Challenge startaplar musobaqasida O‘zbekiston kichik va o‘rta biznes vakillarining ishtirokini tashkil etishga kelishib oldilar. Unda ishtirokchilar Koreya Respublikasining eng yirik kompaniyalari tomonidan tashkil etiladigan seminarlar, treninglar va stajirovkalarda ishtirok etish hamda yetuk koreys mutaxassislari tomonidan innovatsion tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga oid maxsus kurslarni o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Koreya tomoni, shuningdek, tanlovda g‘olib chiqqan o‘zbekistonliklarning loyihalarini bir yil davomida amaliyotga tatbiq etishda moliyaviy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdilar.

Memorandumning imzolanishi kichik va o‘rta biznes hamda innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma loyihalar, institutsional va korxonalararo hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion biznes ekotizimni rivojlantirish, xususan biznes inkubatorlar, klasterlar va «biznes farishtalar» xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, fan, ta’lim, kichik va o‘rta biznes integratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, Gyongi ijodiy iqtisodiyot va innovatsiyalar markazi hamda «Yashnobod» innovatsion texnoparki o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam beradi.