Xalq ta’limi vazirligi tomonidan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari natijasida maktablarning bino va inshootlari, infrastrukturasi va moddiy-texnika ta’minoti yaxshilanayotgani haqida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan tadbirda Xalq ta’limi vazirligi rahbariyati, boshqarmalar rahbarlari, soha mutaxassislari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Anjumanda Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Ibrohim Jo‘rayev «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

— «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari, xomiylik yordami hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarining bino va inshootlari, moddiy-texnika ta’minoti mustahkamlanmoqda. Mazkur dasturlar asosida 493 ta maktablar atrofi to‘liq o‘ralib, 173 ta maktab ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Oshxonasi ta’mirtalab yoki mavjud bo‘lmagan 175 ta ta’lim muassasasida yangi oshxona binolari qurildi va ta’mirlandi. 579 ta maktabda hojatxona yangidan qurildi va 181 ta maktabning ichki kanalizatsiya tizimi ta’mirlandi. 2864 ta maktabda esa isitish tizimi yaxshilandi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Ibrohim Jo‘rayevning ta’kidlashicha, mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadlari hisobidan eng ko‘p mablag‘ Qoraqalpog‘iston Respublikasiga, o‘quvchi soni bo‘yicha eng ko‘p mablag‘ Navoiy viloyatiga, umumiy qo‘shimcha daromadlardan eng katta foizi esa Namangan viloyati maktablariga ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yilga qadar Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumta’lim maktablar binolarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash faqat investitsiya dasturi asosida amalga oshirilib kelingan.

2018 yildan boshlab «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari ishlab chiqilib, amalga oshirila boshlandi. Natijada, yangidan qurilayotgan, rekonstruksiya qilinib, kapital ta’mirlanayotgan umumta’lim maktablarining soni keskin ortdi.

Jumladan, 2017 yilda investitsiya dasturi doirasida jami 484 ta umumta’lim maktablarida 556,6 mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 2018 yilda investitsiya dasturi hamda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari asosida jami 918 ta umumta’lim maktablarida 1,47 trln. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

2017 yilga nisbatan 2018 yilda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan umumta’lim maktablari soni 484 tadan 918 ta (90%)ga, ushbu ishlarga ajratilayotgan mablag‘ miqdori esa 556,6 mlrd. so‘mdan 1,47 trln. so‘m (160%)ga ortgan.

2019 yilda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» davlat dasturlari asosida dastlabki manzilli ro‘yxatlarga ko‘ra 590 ta umumta’lim (shundan 510 tasi «Obod qishloq» va 80 tasi «Obod mahalla» dasturi doirasida) maktablarida 726,7mlrd. so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borish rejalashtirilgan.

«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida obod bo‘ladigan qishloq va mahallalar soni ortishi hisobiga ushbu hududlarda joylashgan yangi qurilgan hamda ta’mirlangan umumta’lim maktablar soni yil yakuniga qadar yana ham oshishi kutilmoqda.

Mazkur dasturlar doirasida qurilish-ta’mirlash ishlaridan tashqari umumta’lim maktablarining hududi, ularga eltuvchi yo‘llar (yo‘laklar) yaxshilanishi, obodonlashtirilishi, atrofi o‘ralishi, ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, issiqlik tarmoqlari, yoritish tizimlari, oqova suv tizimlarining ta’mirlanishi kabi ishlar ham amalga oshirilmoqda.

Vazirlik tomonidan investitsiya dasturi bilan bir qatorda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» Davlat dasturlari doirasida umumta’lim maktablarida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini onlayn monitoring qilish, amalga oshirilayotgan ishlarning shaffofligi hamda sifatini ta’minlashga qaratilgan axborot tizimi orqali doimiy ravishda nazorat ishlari olib boriladi.

Matbuot anjumani so‘nggida OAV xodimlari tomonidan berilgan takliflar tinglanib, barcha savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.