Turizm sanoati O‘zbekiston iqtisodiyotidagi asosiy yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. 2019 yilning birinchi choragida yangi turistik tashkilotlarning soni 111 taga ko‘paydi. Bu haqda Milliy matbuot markazida tashkil etilgan «O‘zbekiston — sayyohlik biznesi uchun yangi imkoniyatlar» mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deyiladi O‘zA xabarida.

2018 yilda 2017 yilga nisbatan O‘zbekistonga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar soni ikki baravar ko‘paydi. 2017 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijiy fuqarolar soni 2,7 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2018 yilda ularning umumiy soni 5,3 million kishidan oshdi.

Uzoq chet mamlakatlardan kelayotgan sayyohlarning eng ko‘p o‘sishi AQSHda kuzatilgan. Bu davlatdan O‘zbekistonga kelgan fuqarolarning soni 8 baravar oshdi. Bundan tashqari, Janubi-Sharqiy Osiyodagi aholining O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi yuqori.

2019 yilning birinchi choragida O‘zbekistonga 1,4 millionga yaqin sayyoh kelgan. O‘sish sur’atlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 972,3 ming kishiga ortgan.

Ushbu tendensiyalar va miqdoriy ko‘rsatkichlar turizm infratuzilmasi ob’ektlarining rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Misol uchun, birinchi chorakda yangi 40 ta turar joy ob’ekti foydalanishga topshirildi.