Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sheriklikni (DXSH) rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjat xususiy sog‘liqni saqlashni yanada rivojlantirish, ushbu sohada DXSHning huquqiy asoslarini yaratish, investitsiyalarni, ayniqsa, chet el investitsiyalarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmatlar va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektori ishtirokini rag‘batlantirishga qaratilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida DXSH loyihalari davlat va xususiy sherik o‘rtasida quyidagi bir yoki bir necha shakllarni birlashtirish orqali amalga oshiriladi:

  • sog‘liqni saqlash sohasida jamoat infratuzilmasini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, yaratish, jihozlash, modernizatsiya qilish, moliyalashtirish, foydalanish va xizmat ko‘rsatish;
  • og‘liqni saqlash sohasida tovarlarni yetkazish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish.

Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanadi. Bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi kerak.

DXSH loyihalarini amalga oshirishda xususiy sherikka ajratilgan yer uchastkalari, sotib olingan tibbiy va boshqa uskunalar, shuningdek, ular tomonidan qurilgan ob’ektlar bitimning amal qilish muddati tugagandan so‘ng davlat sherigiga topshiriladi.

Investorlarga O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 200 mln dollargacha miqdorida imtiyozli kredit liniyalari ochiladi.

Kreditlar faqatgina import qilinadigan zamonaviy tibbiy uskunalar va inventarlarni sotib olish uchun — chet el valyutasida kiritiladigan investitsiya umumiy hajmining 20 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, investor tomonidan kiritiladigan investitsiyalar umumiy hajmining 80 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida xususiy, shu jumladan, xorijiy investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshiriladi. Kreditlar muddati 3 yillik imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, 8 yilgachani tashkil etadi.