Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Mirobod tuman bo‘limi hamda tuman IIB xodimlari hamkorlikda, bank tomonidan berilgan xabarga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshirish o‘tkazdilar. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Fuqaro A.Z. tomonidan ATB «Asaka bank» Yunusobod filialiga milliy valyutaga ayriboshlash uchun taqdim etilgan 58 dona 500 yevro kupyuralik, jami 29 ming yevro pul mablag‘lari qalbaki ekanligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan A.Z.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.