2019−2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi Prezident qarori 2019 yil 17 aprel kuni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan 2019−2028 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi tasdiqlandi.

Strategiya doirasida qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimi yaratiladi.

Sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan davlat tashkilotlari uchun 57 ta yangi avtopark quriladi va 44 ta avtopark ta’mirlanadi.

2022 yildan 2025 yilgacha shaharlarning ko‘p qavatli turar joy sektorida 5 turdagi alohida belgili konteynerlar o‘rnatish asosida qattiq maishiy chiqindilar saralab yig‘iladi.

Obodonlashtirish ob’ektlarida «Toza shaharda bahor» va «Toza shaharda kuz» yoshlar aksiyalari, Butunjahon atrof muhit kuniga bag‘ishlangan «Toza shahar» ekologik aksiyalari o‘tkaziladi.

«Ifloslantiruvchi to‘laydi» strategiyaning asosiy prinsiplaridan biridir. Unga muvofiq, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishi ko‘zda tutilgan.

Strategiyani amalga oshirish uchun jami 2 mlrd 188 mln 200 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritiladi.

Strategiya quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich (2019−2021 yillar) — qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish;

ikkinchi bosqich (2022−2028 yillar) — qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish.

Ikkinchi bosqichda quyidagilarga erishish belgilangan:

aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;

hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash;

o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;

poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;

yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;

qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish ob’ektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;

poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta’minlash.

Qaror bilan strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar dasturi tasdiqlandi.

Dasturga muvofiq, «Chiqindilar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqiladi.

Ko‘p kvartirali turar-joy sektorlarida qattiq maishiy chiqindilar alohida olib chiqib ketish bo‘yicha choralar ko‘riladi.