Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudi sudyasi A. Qahhorovning raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida tug‘ilgan V. N. ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi tomonidan «Gazeta.uz"ga xabar berildi.

V. N. 2018 yil 8 sentyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 19:59 da Rossiya Federatsiyasi Volgograd viloyati markaziy temir yo‘l bekatidan 323-sonli «Volgograd-Urganch-Toshkent» xalqaro yo‘lovchi poyezdining 11-vagonida xizmat vazifasini o‘tayotgan bo‘lgan.

U o‘zining xizmat xonasida o‘z yurtlariga yo‘l chiptasi bilan qonuniy tartibda kelayotgan fuqarolarga xizmat vazifasiga kirmasa-da, davlatlar chegarasidan eson-omon olib o‘tishini, yo‘l davomida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan turli xil ko‘ngilsiz hodisalardan saqlashini, Qozog‘iston Respublikasi davlat chegarasi xodimlariga pul berib vagondagi yo‘lovchilarning yuklarini tekshirtirmasligini aytib, aldab, ishonchiga kirib, ularning ishonchini suiiste’mol qilib, yo‘lovchilardan 3 100 Rossiya rubli va 3 000 qozoq tangasini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Sud hukmi bilan V. N. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi (fribgarlik) bilan qilmishiga yarasha qonuniy jazo tayinlandi.