Diyor Biznes («Molochnaya kuxnya») kompaniyasi egasi Shuhrat Qayumov 13 aprel kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi bosh vrachining hududda o‘lgan hayvonlarni ko‘mish uchun mo‘ljallangan qabristonlar topilgani munosabati bilan 18 apreldan korxona faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorini oldi. Tadbirkor ushbu qarorni noqonuniy deb hisoblamoqda. «Gazeta.uz» muxbiri Shuhrat Latipov ehtimoliy xavfli hududda bo‘lib, tomonlarning fikrlarini oldi.

«Molochnaya kuxnya»


Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasi bosh vrachi Bahrom Almatovning qarorida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga asoslangan holda qayd etilishicha, kompaniya bilan yonma-yon joylashgan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti (1994 yili «Vaksina» birlashmasi tarkibidan chiqarilgan) mikrobiologik, bakteriologik va immunobiologik preparatlar ishlab chiqargan. Kadastr hujjatlariga asoslanib epidemiologik vaziyat va uchta qabriston borligi aniqlangan, «Molochnaya kuxnya» zavodidan taxminan 50 metr narida Bekkari o‘rasi (hayvonlarning jasadlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan biotermik o‘ra) va mufel pechlari topilgan. 0350−17 sonli sanitariya qoidalari va normalari (SanPiN)ga ko‘ra, biologik kamerali hayvon qabristonlari uchun sanitariya-muhofaza zonasi 500 metrni tashkil etishi kerak.

Qarorda ta’kidlanishicha, sanitariya-epidemiologiya xizmati (SEX)ning 8−10 apreldagi uch kunlik tekshiruvi davomida sut mahsulotlarini ishlab chiqarish ketma-ketligida qoidabuzarliklar aniqlangan. Bundan tashqari, xodimlarning kiyim almashtirish xonasiga kirish joyi ishlab chiqarish sexining ichidan o‘tgani, kiyim almashtirish joyida dushxona va hojatxona yo‘qligi, kir yuvish xonasi, tozalash ishlari uchun alohida vodoprovod quvuri mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tilgan. Qoidabuzarliklar uchun korxonaga 2,02 mln so‘m jarima solingan.

Shuhrat Qayumov SEXning ushbu xatti-harakatlarida undan yana bir bor binoni tortib olishga urinishni ko‘rmoqda. 2014 yili Davlat mulk qo‘mitasi «O‘zfarmsanoat» konsernining «Vaksina» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi 1993 yili davlat tasarrufidan noto‘g‘ri chiqarilgani haqidagi arz va 1995−1996 yillarda imzolangan mulk orderlari, hokim qarorlari, oldi-sotdi shartnomalarini haqiqiy emas deb topish talabi bilan sudga murojaat qilgan. Xususan, arizada mulkni baholash noto‘g‘ri o‘tkazilgani va bir qator bino, inshoot va daraxtlar hisobga olinmagani ta’kidlangan (hujjat hozirda mavjud — tahr.).

«Besh yil avval Davlat mulk qo‘mitasi go‘yoki 1993 yili Vaksina va zardoblar institutini xususiylashtirish jarayoni noto‘g‘ri bo‘lgani haqidagi da’vo bilan birinchi marta fuqarolik sudiga murojaat qilgan. Bu ulkan 15 gektarlik hudud sobiq Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutiniki. Hududda institutning bir qismi qolgan, qolgan yer xususiy korxonalar o‘rtasida bo‘lib olingan. Farmatsevtika zavodi bor, bizning korxonamiz bor. Bizning yerimiz 19 sotix, u yerda uchta turdagi ishlab chiqarish bor», — dedi «Molochnaya kuxnya» egasi.


Fuqarolar ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi sudyasi birinchi majlisdayoq «Molochnaya kuxnya"ning bor mol-mulkini Davlat mulk qo‘mitasi foydasiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror chiqargan. Biroq ikkinchi instansiya sudi ishni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytargan, keyin da’vogar kelmagani bois ish to‘xtatilgan.

«Ish Mirzo Ulug‘bek fuqarolik sudida ko‘rilgan, apellyatsiyani esa biz shahar sudiga bergandik, so‘ng o‘sha yerda kurashib qaytarib olgandik. Birinchi sudlashuv 2014 yili boshlangandi, ikkinchisi — 2017 yilda, bu safar biz Oliy sudgacha chiqib, yana jarayonda yutib chiqdik (2018 yil 28 sentyabrda — tahr.). Bizni tinch qo‘yishgandi. Endi esa, oradan olti oy o‘tib, 5 aprel kuni respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatidan kelishdi, ularda bizni uch kun davomida tekshirish haqida buyruq bo‘lgan, vaholanki hech qanday shikoyat yo‘q edi, bizni shundoq ham tuman va shahar SEXlari muntazam tekshiradi. Tekshiruvchilar: „Yuqoridan topshiriq bo‘ldi, hech narsa qila olmaymiz, sizlarni yopishimiz kerak“, deyishdi», — dedi u.


Shuhrat Qayumovning ta’kidlashicha, Sanepidemnazoratning qarori noqonuniy, chunki bu boshqarma korxonani yopish huquqiga ega emas, balki faqat favqulodda vaziyatlar, epidemiyalar hamda aholi hayotiga va sog‘lig‘iga boshqa haqiqiy xavfning oldini olish maqsadida korxona faoliyatini 10 ish kunidan ko‘p bo‘lmagan muddatga cheklashi, to‘xtatib turishi va taqiqlashi mumkin. Bu «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonunda yozib qo‘yilgan.


«Kvadrat» hudud xaritasi, uning ichida «Molochnaya kuxnya», Novopharma plus, qabristonlarning taxminiy o‘rni, oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish bo‘yicha organ va boshqa binolar joylashgan.

«U yerda, albatta, agar biz qarordan norozi bo‘lsak, sudga murojaat qilishimiz mumkinligi yozilgan. Ertaga (16 aprel kuni) sudga da’vo tayyorlaymiz, qarorni to‘xtatish uchun sudga beramiz», — dedi u (maqolani tayyorlash vaqtida ma’muriy ishlar bo‘yicha Chilonzor tuman sudi 17 aprel kuni ish ochdi va ishni ko‘rib chiqishni 24 aprelga belgiladi — tahr.).

Tadbirkorning ta’kidlashicha, hayvon qabristonlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududda yashab va ishlab kelayotgan odamlar 25 yil davomida biror-bir kasallikka chalingan emas. Bundan tashqari, ushbu uchastkada issiqxona bo‘lgan va novvoyxona ishlashda davom etmoqda.

«Qabristonlar bo‘lgan taqdirda ham oradan qancha o‘tib ketdi, bari ko‘milib ketgan. Ularning xavfli ekani haqida fakt yo‘q. Bizda esa aslida bu yerda hech narsa yo‘qligini bildiruvchi dalillar ko‘p. Nega u yerda odamlar ot boqqan? O‘sha jonivorlar kasallanmagan, o‘lmagan. Shu hududdagi isiqxonalarda pomidor va bodringlar yetishtirishgan, ularni odamlarga sotishgan, hech kim o‘lgani yo‘q. Demak, bu xavfsiz hudud», — dedi u.


Sobiq ToshVZITI hududida oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlash bo‘yicha organ joylashgan. Bino Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi balansida. Kompaniya vakilining so‘zlariga ko‘ra, ular ham ko‘chish haqida ogohlantiruv olgan.

«Molochnaya kuxnya» ta’sischisining fikricha, agar Sanepidemnazorat hayvon qabristonlari borligini avvalboshdan bilgan bo‘lsa, alohida tekshiruv jarayoni o‘tkazilganining o‘zi ham g‘alati.

«Hozir, qonunchilikka muvofiq, tekshiruvga biznes-ombudsman ruxsat berishi kerak, uning ruxsatisiz hech kim tekshirish huquqiga ega emas. U birinchi galda, prezidentimiz ta’kidlaganidek, huquqni himoya qilishi va har bir tekshiruv uchun boshi bilan javob berishi kerak. Ya’ni, u hech bir asossiz bizni tekshirishga ruxsat bergan. Yaxshi, mening hududimdan shunday narsa topishibdi, u holda tekshiruvchilar yuborib, bizni qo‘rqitishning nima keragi bor? Shunchaki: „Yigitlar, uzr, bu yerda hayvonlar qabristonini topdik, mana hujjatlar, tahlillar o‘tkazdik, bu haqiqatan ham xavfli“, desa bo‘ldi edi. Agar haqiqatan ham qandaydir xavf bo‘lganida, ular darhol yopishlari kerak edi», — deydi tadbirkor.


Qabristonlar bo‘lishi mumkin bo‘lgan joyda otlar o‘tlamoqda, bu otlarning qonidan UZBIOPHARM (2019 yili BIOPHARM PLYUS deb qayta nomlangan) kompaniyasi efa, gurzi, kobra kabi ilonlar va qoraqurt zahriga qarshi zardob tayyorlaydi.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday turdagi har bir ilmiy-tadqiqot institutida xavfli moddalarni yoqib yuborish uchun pechlar bo‘ladi: «Hech qanaqa qabriston emas. Kasal yuqtirilgan barcha hayvonlar tadqiq etilib yo hayvonot bog‘iga topshirilgan, yoki pechlarda utilizatsiya qilingan… Bu to‘siqlar keyin, xususiy hududlar paydo bo‘lganidan so‘ng o‘rnatilgan. Ular bu hududga bemalol kirib-chiqishardi. Hozir ham shunaqa. Agar bu hududda qandaydir xavfli narsa bo‘lsa, u qanday devor bilan o‘rab tashlanishi normalarda yozilgan».

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, 2014 yili Davlat mulk qo‘mitasi nafaqat Diyor Biznes’ni, balki Novopharma Plus O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma korxonasini ham sudga bergan. Birinchi instansiya sudining qaroridan so‘ng bu va sud jarayonida qatnashgan boshqa bir necha kompaniyalarning kadastr hujjatlari bekor qilingan va olib qo‘yilgan. «Molochnaya kuxnya» eski kadastr hujjatlarini saqlab qo‘ygan, qolganlar esa, apellyatsiya sudida g‘alaba qozonganiga qaramay, kadastr hujjatlarini qaytarib ololmayapti.

«Biz sudda g‘alaba qozondik va, aftidan, hammasi tugagandek edi. Lekin qo‘shnilarim kadastr hujjatlarini ololmayapti. Sudda yutqazganimizda, oldimizga sud ijrochilari kelib, hammamizni bu yerdan haydab chiqargandi. Men o‘zimning barcha odamlarimni bu yerga olib chiqib, bu yerda qon to‘kishimizni, chunki bu noqonuniy qaror ekanini aytgandim. Men o‘zimning kadastrimni bermaganman. Ularning o‘zi barcha kadastrlarni bekor qilib, yangilarini Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga topshirgan. Bu odamlar esa hatto sud orqali ham o‘z kadastr hujjatlarini qaytarib ololmayapti. Kadastrdagilar ham hujjatlarni berishni istamayapti», — dedi tadbirkor.

Shuhrat Qayumov 2012 yili Texnofarm farmatsevtika zavodining angar inshooti va uning omborlarini 400 ming dollarga sotib olgan. 300 ming dollar tikib, bu yerda sut mahsulotlari, shuningdek, farmatsevtik gorchichniklar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Ma’lum vaqt korxonada homilador ayollar uchun polivitaminlar ham chiqarilib, qadoqlangan. Ofis, omborlar va uchta ishlab chiqarish quvvati 19 sotix maydonda joylashgan. Biznesmen 8 mlrd so‘m kredit olgan, bino hali ham garovda turibdi.

Novopharma Plus


Novopharma Plus O‘zbekiston-Britaniya qo‘shma farmatsevtika kompaniyasi bosh direktori Olim Abbosov suhbatni SEX xodimlarining Novopharma Plus MCHJ QKdagi tekshiruvi vaqtida jiddiy qoidabuzarliklar aniqlanmaganidan boshladi. Shunga qaramay, ko‘rsatilgan tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga umuman asoslanmagan taqdimnoma berilgan. Qo‘shni Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti (ToshVZITI) hududida go‘yoki qabristonlar mavjudligi haqida og‘zaki shaklda ma’lum qilingan.

Korxona rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ToshVZITIning sobiq xodimlari bilan suhbat vaqtida u sovet davrida korxona hududida vivariylar — tajriba qilinadigan hayvonlar saqlanadigan va ko‘paytiriladigan binolar bo‘lgani va o‘sha vaqtda amalda bo‘lgan standartlarga muvofiq, ularning har birida tajriba qilinadigan sichqon va dengiz cho‘chqachalarini yoqish uchun maxsus mo‘ljallangan krematoriylar bo‘lganidan xabar topgan. Uning qayd etishicha, Toshket kabi yirik shaharning aholi yashaydigan markazida hayvon qabristonlari bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emasdi. Ushbu faktni tasdiqlovchi hech qanday hujjat taqdim etilmagan.


Tadbirkorning qayd etishicha, 2004 yildan buyon — farmzavodda ishlab chiqarish boshlanganidan beri — Novopharma Plus faoliyat yuritish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligidan uch marta litsenziya olgan. Besh yillik so‘nggi ruxsatnoma 2015 yilda olingan. Bundan tashqari, kompaniya bir necha bor GMP va ISO 9001:2000 (Munosib ishlab chiqarish amaliyoti) xalqaro sifat sertifikatlarini tasdiqlagan. So‘nggi bor o‘tgan yili xalqaro kompaniya auditidan o‘tgan hamda sertifikat va GMP’ga muvofiqlik tasdig‘ini qo‘lga kiritgan.

Olim Abbosovning ta’kidlashicha, amaldagi qat’iy normativlar sharoitida har qanday farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqarishning sterilligi, havo, suv va inshootlarning tozaligiga alohida e’tibor qaratadi. «Bu joyning (qabristonlar bor deb taxmin qilinayotgan joy — tahr.) bizga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin? Boz ustiga, havo filtratsiyadan o‘tsa. Bayonnomada SEX vakili buning menga daxli yo‘qligini yozgan. Yuqorida zikr etilgan taqdimnomani ko‘tarib kelgan SEX vakillarining maqsadi ehtimol boshqa va, bunday holat amaliyotimda birinchi marta yuz bermayotganidan kelib chiqib, maqsad qandayligini taxmin ham qilyapman», — dedi biznesmen.

«Zavodda 300 kishi ishlardi (2014 yilgacha — tahr.), hozir 60 kishi ishlayapti. Har yili soliq ko‘rinishida 3,5 mlrd so‘mdan ortiq pul to‘lardim. Novopharma Plus ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulot — import o‘rnini bosuvchi dori vositalari chiqarardi. Biz bunday holatga tushib qolganimizda, avvaliga (yerni olib qo‘yishga — tahr.) birinchi harakat bo‘ldi, u hech qanday natija bermagach, takroriy urinish bo‘ldi. Mening boshim… endi chidolmayman… har doim mana shunday bosim ostida yurish og‘ir», — dedi u.

Bu holat jiddiy operatsion xarajatlar va moliyaviy oqibatlar — xomashyo yetkazib beruvchilar oldidagi qarzlar, savdo hajmining pasayishi, kreditorlik qarzlariga sabab bo‘lib, oxir-oqibat kompaniyani bankrotlik yoqasiga keltirib qo‘ydi. Hozirgi vaqtda kompaniyaning kreditorlik qarzlari 2 millioon dollardan ortiq.

Kreditorlar bilan bog‘liq joriy vaziyatga qaramay, ular bilan kelishuvga erishilgan va kreditorlar ishlab chiqarishni qaytadan boshlab, qarzlarni yopishga imkon bergan. Ammo, sud qarori mavjudligiga qaramay, kadastr xizmati 2017 yil sentyabridan beri mulkka egalik huquqini rasmiylashtirib bermayapti, shu bois Novopharma Plus ishlab chiqarish hajmini oshirib, eksportga ham ishlash va, o‘z-o‘zidan, korxonaning moliyaviy ahvolini yaxshilab, yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berishi mumkin bo‘lgan kredit mablag‘larini ololmayapti.


Olim Abbosovning aytishicha, kadastr masalasini hal qilish vaqtida endi SEX bilan muammo paydo bo‘lgan. Novopharma Plus qo‘shma korxonasi ishtirokchilari, shuningdek, kompaniyaning Rossiya, Germaniya, Xitoy va Niderlandiyadagi kreditorlari «yuzaga kelgan vaziyatdan xavotirda va bunda nafaqat O‘zbekistonda mahalliy va xorijiy investorlarning huquq va manfaatlari poymol etilishini, balki mamlakat obro‘si va investitsiyaviy muhitiga sezilarli zarar yetkazilishini ham ko‘rmoqda».

Tadbirkor 2012 yildan beri ushbu vaziyatni hal qilishda yordam so‘rab, davlat organlari va idoralariga 31 marta murojaat qilgan, biroq natija yo‘q.


«Men aytyapman: „Yordam beringlar, imkoniyat beringlar, ishni qayta tiklab, mahsulot ishlab chiqarishni boshlay“. Men uchun eng tushunarsiz narsa: joriy yilning 10 aprel kuni farmatsevtika faoliyatini rivojlantirish to‘g‘risida qaror chiqdi. 13 aprelda esa menga ishlab chiqarish faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risida taqdimnoma topshirildi. Buni qanday tushunish kerak?!», — dedi tadbirkor, muxbirga 2019−2021 yillarda respublika farmatsevtika tarmog‘ini tezkor rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi"ni ko‘rsatarkan.

«Biz bilan shunday ish tutishayotganida, qanday qilib investitsiyalar yilida bu yerga investitsiya kelishi mumkin axir? Mening chet ellik ta’sischilarim va chet ellik kreditorlarim muammolarimizdan boxabar. Afsuski, investor bizning mahalliy ishlab chiqarishimizga pul tikayotganida, juda katta tavakkalchilikka qo‘l urayotgandek bo‘lib qolyapti. Investitsiyaviy muhit va mamlakatning jozibadorligiga ochiq-oydin ziyon yetkazilyapti. Odamlarimiz hech qayerga ketib qolmasligi uchun biz shu yerda nimadir qilishimiz kerak», — deya xulosa qildi u.

Biznesmen 2014 yilda noqonuniy tarzda qayta rasmiylashtirib olingan kadastr hujjatlarini qaytarib berish bilan bog‘liq masalani oxir-oqibat hal qilishni talab qilmoqda va tomonlarni muzokaralar stoliga o‘tirib, «qabristonlar» bilan bog‘liq masalani ochiq, OAV ishtirokida muhokama qilishni taklif etdi.

Olim Abbosov Novopharma Plus kompaniyasiga 2013 yildan beri rahbarlik qiladi. Buyuk Britaniya, Germaniya va Slovakiya investorlari kompaniya hammuassislari hisoblanadi. 2014 yili hisobraqamlari muzlatib qo‘yilguniga qadar, o‘rtacha yillik ishlab chiqarish hajmi qiymati 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 25 mln ampula va 10 mln flakondan iborat edi. Zavod uch smenada ishlardi. Ikkita sexda 300 dan ortiq odam mehnat qilar, bir oylik ish haqi fondi o‘sha vaqtlarda 300 mln so‘mni tashkil etardi. 2011 yildan boshlab mahsulot eksporti yiliga ikki barobardan o‘sib, 2014 yil oxiriga kelib 350 ming dollardan oshgandi. O‘sha vaqtda Afg‘oniston va Yamanda mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni yakunlangan edi, hozirda dori vositalari Rossiya va Qirg‘izistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi

Hududni aylanish vaqtida Shuhrat Qayumovga fevral oyi o‘rtalarida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi rahbari etib tayinlangan Sardor Qoriyev qo‘ng‘iroq qilib, uchrashuvga taklif qildi. Olim Abbosov bilan suhbatdan so‘ng, «Gazeta.uz» muxbiri «Molochnaya kuxnya» egasi bilan birga agentlikka yo‘l oldi.

U yerda Sanepidemnazorat tekshiruvni o‘tkazishda asos qilib olgan «xizmatda foydalanish uchun» mo‘ljallangan hujjat haqida ma’lum bo‘ldi. Sardor Qoriyevning ma’lum qilishicha, bu Sanepidemnazoratning hududda qabristonlar borligi ko‘rsatilgan boshqa bir hujjatiga javob bo‘lgan. Agentlik direktorining qo‘shimcha qilishicha, u ushbu lavozimga bir oy avval tayinlangan va bo‘layotgan barcha voqealardan to‘la xabardor emas.

Shuhrat Qayumov agentlikning hujjatida ko‘chmas mulk ob’ektlari Diyor Biznes kompaniyasiga 10 yilga uzoq muddatli ijaraga berilgan deb xato yozilganiga oydinlik kiritdi. Tadbirkorning ma’lum qilishicha, bu uning xususiy mulki, u sudning 2018 yilgi qarorini ham eslatib o‘tdi.

U SEX qaroridagi boshqa — ehtimoliy qabristonlargacha bo‘lgan masofani ko‘rsatishda qilingan xatoni ham ko‘rsatdi: qarorda «Molochnaya kuxnya» qabristondan 50 metr, Novopharma Plus esa 100 metr uzoqlikda joylashgan deyilgan, aslida birinchi bino ikkinchisining ortida joylashgan.

ToshVZITIning sobiq xodimlari


Sobiq ToshVZITI hududida joylashgan bir qavatli uylarda odamlar ishlashda davom etmoqda.

«Gazeta.uz» Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining sobiq xodimlari bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Fan doktori Nikolay Sheremetev 1958 yildan 2018 yilga qadar (institutning bir qismi ishlashda davom etmoqda — tahr.) institutda kichik ilmiy xodim va laboratoriya mudiri bo‘lib ishlagan.

«Shunday bo‘ldiki, institutda hech kim qolmadi. Faqat direktor bor. Bizda ishlab chiqarish va institut bor edi. Institutda ilmiy ishlanmalar — yangi vaksinalar, takomillashtirilgan analoglar tayyorlanardi. Keyin ich terlama, chechak, quturish, poliomiyelitga qarshi va boshqa vaksinalar chiqarilgan. Barcha vaksinalar odamlar uchun edi», — deya ta’kidladi u.

Nikolay Sheremetev vaksina tayyorlash jarayonini tasvirlab berdi. «Vaksina tayyorlanar, so‘ng u nazorat qilinardi, keyin albatta tekshirilardi — avvaliga albatta jonivorlarda zaharlilik, zararsizlikka tekshirilardi. Quyonlar, dengiz cho‘chqachalari, cichqonlarda. So‘ng besh nafar ko‘ngillida. Jonivorlarning jasadi yondirilardi, krematoriy bor edi», — dedi institut sobiq xodimi va qabristonlarning borligi haqida bilmasligini qo‘shimcha qildi.

1974 yildan 1981 yilga qadar institut omboriga mudirlik qilgan Abdurauf Hojimetov ToshVZITI hududida Bekkari o‘ralari yo‘qligini ma’lum qildi.

«U yerda hech narsa ko‘milmagan. Krematoriy bo‘lardi, u yerda qoqsholga chalingan otlarni yoqishardi. Yer toza. Suv xlor bilan qayta ishlanganidan so‘ng kanalizatsiyaga ketardi. U yerda sovet Sog‘liqni saqlash vazirligining kuchli nazorati bor edi», — deya qayd etdi u.

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi


«Gazeta.uz» muxbiri DSENM binosida Sanepidemnazorat bosh boshqarmasi bosh vrachi Bahrom Almatov bilan uchrashdi.

— Toshkent vaksina va zardoblar ITI hududida qabristonlar joylashgani haqidagi axborotni qachon oldingiz?

— 8 aprel kuni korxonani («Molochnaya kuxnya» — tahr.) o‘rganish vaqtida ToshVZITI hududida qabristonlar — hayvonlar ko‘milgan joylar, aynan Bekkari o‘ralari borligi haqida axborot oldik.

— U yerga borguningizga qadar qabristonlar borligini bilarmidingiz?

— ToshVZITIning faoliyati davrida u yerda bo‘limlar, sexlar, laboratoriyalar, qabristonlar bo‘lganini bilamiz, chunki biz mutaxassismiz, bu haqda ta’lim vaqtida bilganmiz. Bizda institut shunday ob’ektlarga ega ekanligi haqida tasavvur bor edi.

— Demak, siz bu haqda bilardingiz?

— ToshVZITI uzoq vaqt davomida ishlamagani bois, u yerda qanday mahusulot, qanday vaksinalar ishlab chiqarilganini bilmasdik.

— Bu haqda qay vaqtgacha bilmagan edingiz?

— Yaqinda bildik.

— Sanasini ayta olasizmi?

— Ayta olmayman. Esimda yo‘q.

— Shu oydami?

— Ha, shu oy boshida.

— O‘tgan 25 yil davomida mazkur hududda biror-bir kasallik aniqlanganmi? O‘lim holatlari-chi?

— Bo‘lmagan.

— 25 yil davomida biror holat bo‘lmagan, lekin endi shunaqa ehtimol bor, shundaymi?

— Biz shunday xavf borligini aniqladik. Biz shunday xavf bor deb, taxmin qildik.

— Qabristonlar sonini qanday bildingiz? Xaritada ular aynan qayerda joylashgan?

— «Hayvonlar qabristoni» deyish unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi, chunki u yerda atrofi betonlangan, germetik qopqoqli maxsus o‘ralar bo‘lgan. Biz qabristonlar haqida bilmaymiz.

— Korxonalarning faoliyatini to‘xtatmay, tekshiruvlarni davom ettirish mumkinmi?

— Tekshiruv vaqtida xavf darajasi oshishi mumkin. Shu nuqtai nazardan ishni to‘xtatish, shundan so‘ng qaror qabul qilish to‘g‘ri bo‘ladi.

— Agar bu joy shu qadar xavfli bo‘lsa, nega unda u odamlardan ajratib qo‘yilmagan?

— Shaxsan ToshVZITI direktori ushbu hududda hech kim kiritilmasligi kerakligi haqida ogohlantirilgan. Hozirgi vaqtda ushbu talab qanchalik bajarilayotganidan bexabarman.

— U yerda taxminan qanday kasalliklar tarqalishi mumkin?

— Yuqumli kasalliklar, ichak kasalliklari, teri kasalliklari va inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklar.

— Ehtimoliy kasalliklarning tarqalish hududi qanday?

— Buni joyni to‘laqonli baholab chiqqanimizdan so‘ng aytishimiz mumkin. Hozir maxsus guruh ish olib bormoqda.

— Guruhda kimlar bor?

— Olimlar, Sog‘liqni saqlash vazirligi epidemiologlari va infeksionistlari.

— Sizning qaroringizda 18 apreldan Diyor Biznes kompaniyasining sut sexi faoliyatini to‘xtatishi kerakligi ko‘rsatilgan. U yerda muddat ko‘rsatilmagan.

— Faoliyatni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorda «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonunning 12-moddasi ko‘rsatib o‘tilgan. U yerda 10 kun haqida yozilgan. Shu bois biz qonundagi normani qarorda takrorlash shart emas, deb hisobladik.

— Telefon suhbati vaqtida siz bu joyni tekshirish haqida topshiriq bo‘lganini, lekin bu axborotni oshkor eta olmasligingizni aytdingiz. Nega?

— Biz barcha hududlarni o‘rganish bo‘yicha topshiriq oldik. Ular ish rejasiga kiritilgan.

— O‘sha rejani ko‘rish mumkinmi? Bu ochiq axborotmi yoki yopiq?

— Bu xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan axborot.

— Lekin bu rejani Sog‘liqni saqlash vazirligi tasdiqlagan, to‘g‘rimi?

— Ha, to‘g‘ri.

— Tekshiruv qancha davom etishi mumkin?

— Aniq ayta olmayman. Dastlabki tahlillar bu bir-ikki oy vaqt olishini ko‘rsatmoqda.

— Agar bu hudud xavfli deb topilsa, mavjud binolar bilan nima bo‘ladi?

— Ulardan oqilona foydalanish mumkin.

— Bu binolar xususiy shaxslarga tegishli.

— Yerlarni olib qo‘yish qonun bilan belgilangan tartibda hokimlik tomonidan amalga oshiriladi. Agar hokimlik sud qarori bilan binolarni olib qo‘yadigan bo‘lsa, tadbirkorlarga yetkazilgan zararni qoplab berishi va ular tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishi uchun yer yoki bino ajratishi kerak.

— Yana bir vaziyat. Tadbirkorlarning ta’kidlashicha, bu hududda issiqxona bo‘lgan va hamon novvoyxona ishlab turibdi.

— O‘rganish vaqtida issiqxonada faqat gullar yetishtirilganini aniqladik. Uning faoliyati to‘xtatilgan. Novvoyxona esa ToshVZITIning sobiq hududidan tashqarida joylashgan. Bu hududda faqat Novopharma Plus va Diyor Biznes bor.

— Hozir bu kompaniyalar o‘z faoliyatini 10 kunga to‘xtatadi, ushbu muddat tugaganidan so‘ng nima bo‘ladi?

— Shundan so‘ng biz ishni, kompaniya o‘z faoliyatini davom ettiradimi-yo‘qmi, belgilashi uchun iqtisodiy sudga yo‘naltiramiz.

«Gazeta.uz» 17 aprel kuni yuzaga kelgan vaziyat yuzasidan O‘zbekiston biznes-ombudsmaniga og‘zaki so‘rov yo‘lladi, ammo javob olgani yo‘q.