Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Inha universitetida bo‘lib, O‘zbekiston — Koreya hamkorligida amalga oshirilishi rejalashtirilgan telemeditsina loyihasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent shahridagi Inha universiteti 2014 yili tashkil etilgan bo‘lib, asosiy faoliyati mamlakatimizda IT texnologiyalarini rivojlantirish, Koreya Respublikasining bu sohadagi yetakchi salohiyatini yurtimizda tatbiq etishdan iborat.

Bugungi kunda bu yerda kompyuter va dasturiy injeniring hamda logistika yo‘nalishlari bo‘yicha 1 ming 300 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda. 2018 yili universitetni tugatgan birinchi 100 nafar bitiruvchining aksariyati mamlakatimizdagi nufuzli kompaniya va tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda.

Qolgan qismi Janubiy Koreya va boshqa davlatlarning yetakchi universitetlarida magistraturada o‘qishni davom ettirmoqda.