2019 yil 17 aprel kuni Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 2019 yilda dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Unga muvofiq, respublikada qariyb 172 ming gektar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalariga sabzavotlar ekiladi hamda 3 mln 500 ming tonnadan ko‘proq sabzavot yetishtiriladi.

Shundan, 23 ming gektar yerga piyoz, 18 ming gektarga sabzi ekiladi.

Jami 31 ming 500 gektar yerdan 667 ming tonna poliz ekinlari, 47 ming gektardan 1 mln tonnadan ko‘proq kartoshka, 26 ming 700 gektardan 80 ming tonna dukkakli ekinlar olish rejalashtirilgan.

Jami yetishtirilgan mahsulotlarning deyarli 5 mln tonnasi ichki iste’mol uchun, 690 ming tonnasi eksportga yo‘naltiriladi.