Xiva dehqon bozorida valyuta oldi-sotdisi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro besh sutkaga qamaldi. Bu haqda Xorazm viloyat ma’muriy sudi «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

1975 yilda Xorazm viloyatining Xiva shahrida tug‘ilgan O‘ktam (ismi o‘zgartirilgan) ismli fuqaro valyutaning noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan.

Xususan, Shokir ismli fuqaroning arizasiga asosan o‘tkazilgan tadbirda, O‘ktamning Xiva shahridagi Xiva dehqon bozori hududida Shokirdan 200 AQSH dollarini noqonuniy ravishda olib, unga 1 670 000 so‘m pullarni berayotgan vaqtida ushlangan.

O‘ktamga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 170-moddasi bilan to‘plangan materiallar Xiva shahar ma’muriy sudida ko‘rib chiqilib, ashyoviy dalil tariqasida olingan pullar davlat egaligiga o‘tkazilib, O‘ktamga nisbatan besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Xiva shahar ma’muriy sudi raisi T. Yusupov Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 170-moddasi (Valyuta boyliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) sanksiyasi O‘zbekiston Respublikasining 2019 yil 15 yanvardagi O‘RQ-516-sonli Qonuni bilan kiritilgan o‘zgartirishga asosan og‘irlashtirilib, endilikda valyuta boyliklarini musodara qilib, o‘n besh sutkaga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ma’muriy qamoq qo‘llanilishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.