O‘zbekiston bozorida Mastercard va Visa to‘lov tizimlarining paydo bo‘lishi kuchli raqobatni keltirib chiqaradi, deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Botir Zohidov. MB vakili o‘tgan chorshanbada bo‘lib o‘tgan brifingda halqaro to‘lov tizimlarining keng qo‘llanilmayotganiga uch sababni sanab o‘tdi.

Birinchisi — to‘lov infratuzilmalarining mavjud emaslii. Botir Zohidov oylik maoshlarni Visa kartalariga o‘tkazib berishni cheklovchi hech qanday qonuniy va ma’muriy to‘siqlar mavjud emasligini ma’lum qildi. biroq banklar bunday mahsulotlarni taklif qilmaydilar, chunki ulardan hech qayerda foydalanib bo‘lmaydi.

«Oyligingizni Visa kartasiga tashlab berishdi, uni keyin nima qilasiz? Adashmasam, mamlakat bo‘ylab bor-yo‘g‘i 3000 ta Mastercard va Visa kartalariga xizmat ko‘rsatuvchi POS-terminallari mavjud. Humo loyihasi barcha savdo-xizmat ko‘rsatish korxonalarini to‘lov infratuzilmalari bilan ta’minlashni ko‘zda tutadi va u Visa, Mastercard va UnionPay bilan integratsiyalashgan bo‘ladi», — dedi u.

Ekvayring uchun komissiyaning yo‘qligi — ikkinchi sabab. Xalqaro to‘lov tizimlarida u to‘laqonli ishlamaydi.

«Qariyb barcha mamlakatlarda savdo shoxobchalaridan komissiya olinadi. Shuning hisobidan to‘lov tizimlarining banklararo komissiyasi qoplanadi. Masalan, Rossiyada to‘lov kartalari ekvayringi uchun o‘rtacha 2,-2,5 foizlik komissiya olinadi. Buning ustida to‘lov tizimi ham, banklar ham pul ishlaydi. Ushbu mablag‘lardan bir qism mablag‘ foydalanuvchiga keshbeklar ko‘rinishida qaytariladi. Ushbu barcha komissiya to‘lovlarini savdo shoxobchalari to‘laydi», — dedi Botir Zohidov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirish uchun savdo shoxobchalari va karta egalaridan komissiya to‘lovini olmaslikka qaror qilingan, infratuzilmalarni saqlash bo‘yicha xarajatlar esa banklar tomonidan qoplanadi.

Botir Zohidovning taxminicha, bu sharoitda Visa, Mastercard yoki boshqa har qanday to‘lov tizimi bepul ishlamaydi, har bir tranzaksiya uchun 2−3 foizlik to‘lovga esa, butun dunyoda shunday qilishsa ham, «bizning savdogarlar rozi bo‘lmaydi». xalqaro to‘lov tizimlari xarajatlarni qoplay olishlari uchun, «biz banklar bilan birgalikda savdo shoxobchalarini ushbu mablag‘larning bir qismini to‘lashga o‘rgatishimizga to‘g‘ri keladi».

Uchinchi sabab — bir necha kartalarni yagona hisob raqamiga bog‘lash mexanizmlari mavjud emas.

MB raisi o‘rinbosarining fikricha, lokal kartalar bo‘lishi kerak. Bitta hisob raqamiga bir necha: lokal va Mastercard kartalarni bog‘lash mumkin bo‘lishi kerak — qaysi biri qulay bo‘lsa o‘shandan foydalansa bo‘ladi. Markaziy bank, Botir Zohidovning so‘zlariga ko‘ra, shunday tizimni ishlab chiqish ustida texnologik ishlarni amalga oshirmoqda.