Toshkent hokimiyati Tumaris qandolatchilik fabrikasi joylashgan yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘ygani uchun 2,7 mlrd so‘m miqdorida tovon puli to‘laydi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Avvalroq Universal Plast Montaj Engineering kompaniyasi SSPga murojaat qilib, xususiy mulkka tegishli huquq va manfaatlarni himoya qilish hamda noqonuniy qurilganlik vaji bilan buzib tashlashga harakat qilingan Tumaris fabrikasi binosini saqlab qolishda yordam so‘rab murojaat qildi.

Kompaniya SSP bilan birgalikda to‘qqiz oy davomida bir necha marta davlat va boshqa instansiyalarga murojaat qildi, deyiladi xabarda.

20 mart kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi da’vogarning murojaatiga asosan yer uchastkasini davlat va jamiyat ehtiyojlari maqsadida olib qo‘ygani uchun Toshkent shahar hokimligidan 2,759 mlrd so‘m miqdorida tovon puli undirilishi haqida hukm chiqardi.