«Chegarasiz muxbirlar» xalqaro nohukumat teshkiloti (Reporters sans frontières, RSF — sayti O‘zbekistonda bloklangan) har yillik matbuot erkinligi reytingini e’lon qildi.

O‘zbekiston ushbu reytingda so‘z erkinligi sohasida eng yomon vaziyatga ega davlatlar ro‘yxati — «qora hudud"ni tark etib, 160-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili O‘zbekiston 165-o‘rinda edi. Ayni vaqtda, hozirgi vaziyat RSF bahosiga ko‘ra «yomon» (bad) sifatida baholanmoqda.

«Nazorat, senzura va o‘z-o‘zini senzura qilish hamon mavjud, ommaviy axborot vositalari ustidan sezilarli darajadagi nazorat saqlab qolinmoqda», — deyiladi tashkilot xabarida.

Qozog‘iston reytingda 158, Tojikiston — 161, Turkmaniston esa 180-o‘rinni band etdi. Qirg‘iziston esa 83-o‘rinni egallab, matbuot erkinligi sohasida «muammoli» (problematik) baholanayotgan yagona davlat bo‘lib turibdi.

MDH davlatlari orasida O‘zbekistondan yuqorida Rossiya (148-o‘rin), Belarus (153), Ukraina (102), Moldova (91), Armaniston (61) va Gruziya (60) qayd etilgan. Eng yaxshi vaziyatli davlatlar esa Boltiqbo‘yicha davlatlarida: Litva — 30, Latviya — 24, Estoniya — 11-o‘rin.

Birinchi o‘rinni Norvegiya, ikkinchi o‘rinni Finlyandiya egallagan bo‘lsa, Shvetsiya yetakchilar uchligini yakunladi. Birinchi o‘nlikdan esa Niderlandiya, Daniya, Shveysariya, Yangi Zelandiya, Yamayka, Belgiya va Kosta-Rika o‘rin oldi.