Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In o‘z mamlakatining O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorligini ilg‘or sohalarda ham kengaytirish muhim deb hisoblaydi. Bu haqda u O‘zA agentligi va «Xalq so‘zi» gazetasiga O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT), 5G mobil aloqasining beshinchi avlod texnologiyalari, kosmik texnologiyalar, sanoatning yangi tarmoqlari, xususan, tibbiyot va bioindustriya singari ilm talab qiluvchi ilg‘or sohalarda hamkorlikni kengaytirish o‘ta muhim», — dedi Janubiy Koreya rahbari.

Mun Chje Inning qayd etishicha, o‘tgan yili o‘zaro savdo hajmi ikki mamlakat aloqalari tarixidagi maksimal ko‘rsatkich — 2,1 milliard AQSH dollariga yetdi. Mamlakatlar o‘rtasidagi almashinuvlar kengayib, energetika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, logistika, axborot texnologiyalari va moliya sohalarida jadal rivojlandi.

«Istiqbolga yo‘naltirilgan iqtisodiy hamkorlik uchun, avvalo, institutsional asoslarni mustahkamlash joiz. Mazkur davlat tashrifi asnosida loyihalar va investitsiya sharoitlarini yanada yaxshilash yo‘llarini keng muhokama qilishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi Janubiy Koreya prezidenti.

Mun Chje In O‘zbekistonning Koreya Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Yangi shimol siyosati"dagi o‘rni va roli haqidagi savolga ham javob berdi.

««Yangi shimol siyosati» Koreya yarim orolida barqaror tinchlik o‘rnatish va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan Yevroosiyo qit’asida tinchlik va taraqqiyotga erishishga qaratilgan. Ushbu siyosat ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik doirasidan chiqqan holda Markaziy Osiyo va butun Yevroosiyoning umumiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. «Yangi shimol siyosati"ni amalga oshirishda Yevroosiyoning muhim sheriklardan hisoblangan O‘zbekiston bilan aloqalarni mustahkamlash va Yangi Ipak yo‘li davri boshlanishiga umid qilamiz», — dedi u.

Mun Chje In yilning ikkinchi yarmida vazirlar darajasida Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligiga doir XII forum bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi.

«U yadrodan xoli hudud barpo etish va Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishiga xizmat qilgan Markaziy Osiyoning bilim va tajriba almashish maydonchasiga aylanishiga umid qilamiz», — deya ta’kidladi Janubiy Koreya prezidenti.