WBA reytingida birinchi o‘rinni egallab turgan o‘zbekistonlik professional bokschi Murodjon «Kaka» Ahmadaliyevning jang sanasi o‘zgardi. Bu haqda Olamsport.com xabar berildi.

Mag‘lubiyat va murosa nimaligini bilmay kelayotgan Murodjon 26 aprel (Toshkentda 27 aprel tong sahar) kuni AQSHning Los-Anjeles shahridagi «Forum» arenasida meksikalik Karlos Karlsonga qarshi ringga ko‘tariladi. Aslida bu jang avval e’lon qilinganidek, 19 aprel (Toshkentda 20 aprel tong sahar) o‘tkazilishi kerak edi.

«Sportda har qanday kutilmagan holatlar bo‘lib turadi. Shu jumladan mening jangim sanasida ham o‘zgarish bo‘ldi. Endi avval belgilangan kundan bir hafta o‘tib ringga chiqaman. Lekin raqib o‘zgargani yo‘q. Kutilmagan va menga bog‘liq bo‘lmagan o‘zgarishlar uchun barchadan uzr so‘rayman», — dedi Ahmadaliyev.

E’tiborga molik jihati shundaki, Murodjon Ahmadaliyev Shahram G‘iyosov bilan bir boks oqshomida ringga chiqadi. Yettita jangning barchasida g‘alaba qozongan G‘iyosov shu kuni Emmanuel Teylorga qarshi jang o‘tkazadi.

Ma’lumot uchun, 28 yoshli Karlson professional boksda 28 ta jang o‘tkazgan bo‘lib, ularning 23 tasida g‘alaba qozongan. O‘n to‘rtta jangda raqiblarini nokautga uchratgan. Beshta jangda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rgan. Ikkita jangda nokaut bo‘lgan. So‘nggi 5 ta jangidan 4 tasida yutqazgan.