Sudlanuvchi F. Berdiqulova (ism-familiyalar o‘zgartirildi) 2017 yilning 16 may kuni tanishi Sh. Rufatovga qo‘ng‘iroq qilib, kredit shartnomasiga asosan «Credit Asia» do‘konidan televizor olib berishni iltimos qiladi. Buning evaziga unga 100 ming so‘m berishni aytib, oylik to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab borishiga ishontiradi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Sirg‘ali tumani sudining sudyasi Muzaffar Kukiyev «Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Sh. Rufatov Farzonaning so‘zlariga ishonib, Sirg‘ali tumani, Yangi Sirg‘ali ko‘chasida joylashgan «Credit Asia» savdo do‘konidan narxi 6 million 871 ming 966 so‘mlik «SAMSUNG» rusumli 49 diagonalli televizorni kredit shartnomasiga asosan sotib olib, Farzonaga beradi.

Buning evaziga Farzonadan 100 ming so‘m oladi. Bu savdoning ustida Farzonaning tanishi Bahriddin Najmiddinov ham bor edi.

O‘z navbatida, B. Najmiddinov ham Sh. Rufatovdan «Media Park» savdo uyidan maishiy texnika olib berishni iltimos qiladi. U Farzona bilan oylik to‘lovlarni birga to‘lashni aytib, Sh. Rufatovni ishontiradi. Shu bois Sh. Rufatov savdo uyidan narxi 4 million 149 ming so‘mlik «Artel» rusumli 43 diagonalli televizorni kredit shartnomasi asosida Bahriddinga olib beradi. Buning evaziga Farzona Sh. Rufatovga yana 100 ming so‘m «mukofot» beradi.

Oradan ikki oydan ziyod vaqt o‘tgach, F. Berdiqulova yana Sh. Rufatovga qo‘ng‘iroq qiladi. Bu gal u kredit shartnomasi asosida B. Najmiddinovga telefon apparati olib berishni iltimos qiladi. Rufat uning taklifiga darrov rozi bo‘ladi va o‘sha kuni F. Berdiqulova hamda B. Najmiddinov bilan birga Shayxontohur tumanida joylashgan «Jivaya texnika» do‘koniga boradi. Do‘kondan u o‘zining nomiga kredit shartnomasi asosida narxi 5 million 420 ming 100 so‘mlik «Samsung, A 7» rusumli uyali aloqa telefon apparatini sotib oladi va Bahriddinga beradi.

Buning uchun F. Berdiqulova Sh. Rufatovning qo‘liga 200 ming so‘m tutqazadi.

Farzona fuqaro N. Shoykina bilan anchadan buyon tanish edi. 2017 yilning 17 may kuni Farzona N. Shoykinadan ham kredit shartnomasi asosida televizor olib berishni, oylik to‘lovni o‘zi to‘lab borishini iltimos qiladi. Uning so‘zlariga ishongan N. Shoykina o‘zining nomiga savdo do‘konidan narxi 6 million 871 ming 966 so‘mlik «Samsung» rusumli 49 diagonalli televizorni kredit shartnomasiga asosan sotib oladi. Buning uchun F. Berdiqulova unga 60 ming so‘m beradi.

2017 yilning 3 iyun kuni Farzona yana N. Shoykinani yo‘qlab qoladi.

Topgach, bu gal undan kreditga konditsioner olib berishni iltimos qiladi. N. Shoykina bu safar ham uning iltimosini yerda qoldirmaydi.

Boshlang‘ich to‘loviga F. Berdiqulova bergan 740 ming so‘mni to‘lab, narxi 4 million 936 ming so‘mlik «ARTEL MOTANA» rusumli konditsionerni olib beradi.

Marg‘uba opa o‘sha kuni ishda edi. Bir payt tanishi S. Jumaqulov qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U hol-ahvol so‘ragach, muddaoga o‘tdi: Farzona ismli tanishiga yordam zarur ekan. Aniqrog‘i, u Marg‘ubadan o‘zining nomiga kredit shartnomasi rasmiylashtirib, Farzonaga televizor olib berishni iltimos qildi. Kredit to‘lovlarini Farzonaning o‘zi har oyda to‘lab borishini aytdi.

Oradan ko‘p o‘tmay Farzonaning o‘zi Marg‘uba bilan telefon orqali bohlandi. Marg‘uba S. Jumaqulovning hurmati uchun Farzonaning iltimosini rad etolmadi. Shu tariqa Marg‘uba F. Berdiqulova va uning sherigi B. Najmiddinov bilan birga Yunusobod tumanida joylashgan «Credit Asia» maishiy-texnika buyumlari do‘koniga boradi. U 4 million 959 ming 894 so‘mlik «BOLSOH» rusumli 50 diagonalli televizorni boshlang‘ich to‘lov sifatida Bahriddin bergan 750 ming so‘mni to‘lab, o‘zining nomiga rasmiylashtiradi. Shundan so‘ng Bahriddin kreditga sotib olingan televizorni o‘zining «Matiz"iga ortib, Marg‘ubani esa, ishxonasiga eltib qo‘yadi.

Yo‘lda u insoniylik, hojatbarorlik, oqibat haqida gap ochadi. O‘zlariga ishonishini, agar Farzona kredit to‘lovlarini to‘lay olmasa, uning o‘zi to‘lab berishini aytadi.

Ishonchli bo‘lishi uchun F. Berdiqulovaning fuqarolik pasporti nusxasining orqa tomoniga «Men, Najmiddinov Bahriddin opamga kafil turib, Marg‘uba opa orqali kreditga televizor oldim. 50 diagonal televizor pulini o‘z vaqtida to‘lashga, opaning ishonchini yo‘qotmaslikka va’da beraman», deya tilxat yozib beradi. Shundan so‘ng Bahriddin Marg‘ubaga tilxat bilan birga S. Jumaqulovga berib qo‘yishni tayinlab, 300 ming so‘m tutqazadi.

Marg‘uba opa S. Jumaqulovga Bahriddin bergan 300 ming so‘mni beradi.

Shunda u pulning 100 ming so‘mini o‘ziga olib, qolgan 200 ming so‘mini «xizmat haqingiz» deya Marg‘uba opaga beradi.

O‘zganing hojatini chiqarganiyu, buning evaziga 200 ming so‘m pul ishlab olganidan Marg‘uba opa ham har qalay mamnun edi. Ammo uning quvonchi uzoq cho‘zilmadi. Chunki oradan ko‘p o‘tmay Marg‘uba opaning qo‘l telefoniga kredit to‘lovini to‘lash kechikib ketayotgani haqida ketma-ket SMS xabarlari kela boshladi. Tabiiyki, bu opaga og‘ir botdi.

O‘quvchi voqealar nishabidan ham firibgar kimsalar tanishlarini aldab, ishonchini suiiste’mol qilganini allaqachon anglagan bo‘lsa kerak.

Aslida ham shunday. Shu o‘rinda bu voqealarga aniqlik kiritadigan bo‘lsak, ikki firibgar Sh. Rufatov, N. Shoykina va M. Isoqjonovaning ishonchiga kirib, maishiy-texnika buyumlarini qo‘lga kiritgach, buyumlarni bozorga chiqarib sotib yuborishgan. Pulini esa, o‘z ehtiyojlariga sarflashgan.

Ushbu jinoiy qilmish oqibatida firibgarlar — Sh. Rufatovga 16 million 441 ming 66 so‘m, N. Shoykinaga 11 million 807 ming 966 so‘m, M. Isoqjonovaga 4 million 950 ming 894 so‘m moddiy zarar yetkazishgan.

Shu o‘rinda F. Berdiqulovaning jinoiy kirdikorlaridan o‘quvchini ogoh etish zarurga o‘xshaydi. Chunki turmushdan ajrashgan, ikki nafar voyaga yetmagan farzandning onasi Farzona Berdiqulova muqaddam qonunga xilof ravishda valyuta operatsiyalari bilan muomala qilish jinoyatini sodir etgani uchun uch marta sudlangan. Unga ayolligi, voyaga yetmagan farzandlari borligi uchun qonunlarimiz bahrikenglik qilgan. Lekin kishi tavbasiga tayanmasa, qiyin ekan. Farzona o‘ziga berilgan ana shu imkoniyatlardan saboq chiqarish o‘rniga yana jinoyat ko‘chasiga kiradi.

Firibgarlik jinoyatini o‘zining doimiy kasbiga aylantirib oladi.

Farzona faqat sudlanuvchi B. Najmiddinov bilangina emas, balki firibgarlik va boshqa turdagi jinoyatlarni sodir etib, muqaddam uch marotaba sudlangan, ayni chog‘da jazoni o‘tayotgan akasi Amin Berdiqulov, shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmiga ko‘ra, muqaddam yetti yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilinib, jazoni o‘tagan, sudlanganlik holati tugallangan Asqar Boboqulov bilan ham hamtovoqlik qilgan.

Aldov yo‘li bilan tanishlarining nomiga kredit shartnomasi rasmiylashtirishga erishib, do‘kondan olingan maishiy-texnika buyumlarini bozorda sotishni jinoiy faoliyatiga aylantirgan F. Berdiqulova gumashtalari B. Najmiddinov, A. Berdiqulov va A. Boboqulov bilan jami o‘n besh holatda firibgarlik jinoyati sodir etgan.

Sud sudlanuvchilar — F. Berdiqulova, B. Najmiddinov, A. Berdiqulov va A. Boboqulovni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularning qilmishiga yarasha qonuniy va adolatli jazo tayinladi. Sud hukmida jabrlanuvchilar foydasiga sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi lozim bo‘lgan moddiy zarar miqdori belgilab berildi. Shu kabi manfaatdor taraflarga yetkazilgan qo‘shimcha moddiy va ma’naviy zararni undirish yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi.