Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-aprel kuni 2019−2028-yillar davrida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, qishloq aholi punktlarida qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlarning yetarli darajada ta’minlanmaganligi, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi infratuzilmaning qoniqarsiz holatda ekanligi, mavjud qattiq maishiy chiqindi poligonlarining sanitariya talablari va ekologik me’yorlarga muvofiq kelmasligi mazkur sohada kompleksli chora-tadbirlarni qabul qilishni talab etmoqda.

2017−2018-yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimining infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borildi, 13 ta sanitariya jihatidan tozalash davlat unitar korxonalari hamda ularning tuman va shaharlardagi 172 ta filiali, shuningdek, 9 ta maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari tashkil etildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar aholining deyarli yarmini sanitariya jihatidan tozalash xizmatlari bilan qamrab olinishiga imkon berdi.

2019−2028-yillarda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan to‘liq qamrab olinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan sanitariya jihatidan tozalash infratuzilmasini rivojlantirish;
  • qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish;
  • poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini kamaytirish, sanitariya va ekologik me’yorlar talablariga muvofiq keladigan zamonaviy qattiq maishiy chiqindi poligonlarini yaratish, shuningdek, mavjud poligonlarni yopish va rekultivatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘rish;
  • sanitariya jihatidan tozalash sohasida narxlar shakllanishini takomillashtirish va tariflarni optimallashtirish;
  • qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlaridan muqobil energiya manbalari sifatida foydalanish.

Quyidagilar Strategiyaning asosiy prinsiplari etib belgilandi:

  • Strategiyani amalga oshirishning barcha bosqichlarida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etish;
  • qattiq maishiy chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida ular bilan amalga oshiriladigan barcha jarayonlar ustidan nazoratni ta’minlovchi qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish;
  • chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish bo‘yicha xarajatlar chiqindilarni hosil qiluvchilar tomonidan qoplanishini ko‘zda tutuvchi, tegishli huquqiy va iqtisodiy asoslarni yaratish zaruriyatini belgilovchi”ifloslantiruvchi to‘laydi" prinsipini joriy etish;
  • tanlov asosida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish jarayonining ochiqligi va shaffofligi.

Strategiya amalga oshirish bosqichlari:

  • birinchi bosqich (2019−2021-yillar) — qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi qonunchilik bazasini va iqtisodiy tartibotlar mexanizmlarini takomillashtirish, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishning samarali tashkil etilishini ta’minlash maqsadida sanitariya jihatidan tozalashning moddiy-texnik bazasini va infratuzilmasini rivojlantirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida ekologik ta’lim tizimini rivojlantirish uchun metodik va axborot ta’minotini yaratish;
  • ikkinchi bosqich (2022−2028-yillar) — qattiq maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish bo‘yicha infratuzilmani rivojlantirish, poligonlarni optimallashtirish, qayta yuklash stansiyalari va chiqindilarni qayta ishlash obyektlarini qurish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlari faoliyatini takomillashtirish, ularning qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha salohiyatini rivojlantirish.

Strategiyaning maqsadli indikatorlari:

  • aholini qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmatlar bilan qamrab olishni 100 foizga yetkazish;
  • hosil bo‘ladigan qattiq maishiy chiqindilarning kamida 60 foizini qayta ishlashni ta’minlash;
  • o‘ziga xos qattiq maishiy chiqindilarni (tarkibida simob bo‘lgan chiqindilar, avtoshinalar, akkumulyatorlar, ishlatilib bo‘lingan moylar, qadoqlash chiqindilari va h.k.) qayta ishlash hajmini 25 foizgacha oshirish;
  • poligonlarga ko‘mish uchun yo‘naltiriladigan qattiq maishiy chiqindilar hajmini 60 foizgacha kamaytirish;
  • barcha poligonlar holatini o‘rnatilgan talablarga muvofiqlashtirish, yopilgan poligon yerlarini to‘liq rekultivatsiya qilish;
  • qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish obyektlarida muqobil energiya manbalaridan 35 foizgacha foydalanish;
  • poligonlar holati monitoringini (yer osti (sizot) suvlari va atmosfera havosining holati ustidan nazorat) 100 foizgacha ta’minlash.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha ishlarni, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratgan holda, keng ko‘lamli targ‘ibot faoliyatini tashkillashtirishni kuchaytirish vazifalari topshirildi.