Propiska haqidagi jamoatchilik muhokamalarida juda mashhur, ammo aslida noto‘g‘ri fikrga tez-tez duch kelamiz. Odamlarning nazarida agar ko‘chishga qarshi ma’muriy to‘siqlar bekor qilinsa, yangi muhojirlar sabab Toshkentdagi maoshlar pasayib ketadi. Bunday xato fikr hatto juda bilimli kishilar, xususan, amaldorlardan orasida ham uchraydi. Ba’zida propiska to‘g‘risidagi chirigan qonunga qarshilarning o‘zi ham «propiska bekor qilinsa, maoshlar pasayib ketadi», deb o‘ylaydi.

Propiskani bekor qilish tarafdorlari ko‘pincha huquqiy yoki ma’naviy asoslar keltirib, joriy cheklovlar tahqirlovchi ekanini va fuqarolarning huquqlarini poymol qilayotganini ta’kidlaydi.

Biz propiskani bekor qilish zarurligini bir necha bor ta’kidladik. Lekin uni bekor qilish uchun ma’naviy, axloqiy yoki huquqiy asoslarni keltirish unchalik ham shart emas. Iqtisodiy asosning o‘zi yetarli. Propiskaning bekor qilinishi o‘zbekistonliklarning barini boyroq qiladi: ish o‘rinlari uchun boshqa joylardan kelganlar bilan raqobatlashishga majbur bo‘ladigan toshkentliklarni ham hatto. Ularning daromadlari kamaymaydi.

Dastlab tarixga va empirik tadqiqotlarga murojaat qilamiz, so‘ng keltirayotgan asosimizning iqtisodiy mantig‘ini tushuntirib beramiz.

Ozodlik shahri

Olis 1980 yilda, AQSH bilan munosabatlar iliqlashuvi va iqtisodiy vaziyatning keskin yomonlashuvi sharoitida, Kubaning o‘sha vaqtdagi yetakchisi Fidel Kastro kubaliklarga o‘z oilalari bilan birlashish uchun orolni moneliksiz tark etishlariga ruxsat berdi. Yagona sharti: Kubaning Mariel portidagi immigrantlarni kimdir olib ketishi kerak.

Aynan o‘sha vaqtda AQSH prezidenti Jimmi Karter orolni tark etgan kubaliklarga qochoq maqomini olish huquqini berdi. Natijada to‘rt oy ichida 125 ming kubalik to‘lib-toshgan qayiqlarda Kubadan Mayamiga ko‘chib o‘tdi. Ushbu ko‘chish Florida uchun, ayniqsa, Mayami shahri uchun tarixiy ahamiyatga ega voqeaga aylandi va «Mariel portidan qochish» nomini oldi.


Ushbu ko‘chishning ta’sirini hatto hozir ham his qilish mumkin: karib raqslari, madaniyat festivallari, ispan tili va Kuba sendvichlari Mayami hayotining ajralmas bir qismiga aylangan. Boz ustiga, pazandalik bilimdonlarining fikricha, Kuba taomlari Ozodlik orolining o‘zidan ko‘ra Kichik Gavana (Mayamining bir tumani)da mazaliroq tayyorlanadi. Umuman olganda, bu Kubada aksariyat restoranlar davlatniki ekanligi va, o‘z-o‘zidan, xizmat ko‘rsatish sifati pastligi, xususiy restoranlar esa kam va faoliyatini kengaytira olmasligi bilan bog‘liq.

Ko‘chib o‘tishdan 10 yil o‘tib, prinstonlik iqtisodchi Devid Kard bunday katta ko‘chishning Mayamidagi ishsizlik darajasi va maoshga ta’sirini ko‘rsatib bergan mashhur tadqiqotini chop etdi. Juda qisqa muddat ichida kubalik muhojirlar Mayamidagi ishchi kuchi sonini salkam 7 foizga oshirgan. Aksariyat muhojirlar nisbatan malakasiz bo‘lgani bois, katta malaka talab qilinmaydigan kasblarda ishchi kuchining ko‘payishi yanada kuchliroq sezilgan.

Shunday katta ishchi kuchi qo‘shilganiga qaramay, shaharda malakasiz ishchilarning daromadi mutlaqo o‘zgarmagan, malakali ishchilarniki esa hatto o‘sgan ham. Shahardagi ishsizlik darajasi ham o‘zgarmagan. Ya’ni, Devid Kard katta miqdordagi ishchi kuchining nisbatan katta shaharga ko‘chib o‘tishi bozor tomonidan to‘liq yutib yuborilishini empirik yo‘l bilan ko‘rsatib bergan.

Keling, endi Toshkent haqida va nima uchun Mayami tarixi biz uchun ham dolzarb ekani haqida gaplashsak. Tasavvur qilaylik, biz propiskani bekor qildik va ko‘chishni o‘ziga lozim ko‘ra oladigan O‘zbekiston fuqarolari Toshkentga kelib joylashdi, o‘z-o‘zidan, bozorda ishchi kuchi taklifi oshdi. Iqtisodiyot darsidan ma’lumki, talabning oshishi narxga ta’sir qilishi kerak; odatda bozorda taklif qancha yuqori bo‘lsa, narx shuncha past bo‘ladi.

Bizning misolimizda narx — bu maosh (mehnat narxi). Bu maoshlar kamayishini anglatadimi? Yo‘q. Maoshlar ishchi kuchiga bo‘lgan talabning elastikligidan kelib chiqib o‘zgaradi. Umuman olganda, elastiklik — bu almashtiruv chorasi. Ya’ni, nimanidir almashtirish qanchalik oson bo‘lsa, unga bo‘lgan talab ham shunchalik elastik bo‘ladi. Deylik, benzinga bo‘lgan talab deyarli noelastik (qisqa muddatli istiqbolda), qimmatbaho charm sumkalarga bo‘lgan talab esa mutlaq elastik: narxining biroz bo‘lsa-da oshishi (masalan, soliq hisobiga) ularga bo‘lgan talabni keskin pasayishiga olib keladi. Malakasiz ishchi kuchini ham oson almashtirish mumkin, shuning uchun unga nisbatan bo‘lgan talab ham juda elastik bo‘ladi, deb tasavvur qilish mumkin.

Mariel portidan qochish voqeasi aynan talabning elastikligi sabab maoshlarning pasaymasligiga olib kelgan. Ya’ni, Mayamida malakasiz ishchi kuchiga bo‘lgan talab aqlbovar qilmas darajada elastik bo‘lgan: ishchi kuchi narxining minimal oshishi ham katta ishsizlikni keltirib chiqarishi mumkin edi. Shu boisdan yangi muhojirlarning kelishi maoshga ta’sir qilmagan, shunchaki ishlaydiganlar sonini ko‘paytirgan va shahar iqtisodiyoti hajmini oshirgan.

Grafikda bu yanada oson ko‘rinadi: taklif egri chizig‘i ham yetarlicha elastik, biroq talab egri chizig‘i amalda mutlaq elastik va shuning uchun ham yangi ishchi kuchi qancha ko‘p qo‘shilmasin, maoshlar mehnatkashlar (taklif) miqdori oshganida ham o‘zgarmaydi.


Biz Toshkentdagi vaziyat ham xuddi shunga o‘xshash, deb hisoblaymiz: malakasiz ishchi kuchiga bo‘lgan talab amalda mutlaq elastik. Bu hatto «ulkan» ishchi kuchining oqib kelishi ham maoshlarning real miqdoriga ta’sir ko‘rsatmasligini anglatadi. Ammo ishlayotganlarning soni oshadi va, mos ravishda, mamlakatda o‘rtacha turmush darajasi ham o‘sadi.

Mehnatning elastikligini qanday tekshirish mumkin?

Deylik, davlat mehnatga nisbatan qandaydir soliq soldi, tabiiyki, bu soliq mehnatning narxini, masalan, 10 foizga oshirdi. Agar ushbu qaror sabab kompaniyalar 10 foizdan ortiq xodimlarini ishdan bo‘shatsa, demak, talab yetarlicha elastik. Sirasini aytganda, ishchi kuchiga bo‘lgan talabning elastikligini tekshirish uchun talab narxga nisbatan qanchalik ta’sirchan ekanligiga nazar tashlash kifoya (taklif ham juda elastik).

Toshkentda ishchi kuchiga nisbatan talab juda ta’sirchan: ish bilan bog‘liq deyarli har bir e’londa odatda maosh haqida ma’lumot bo‘ladi, ish izlovchilar esa ko‘pincha dastlab maosh haqida so‘raydi. Hatto mana shunday yuzaki kuzatuvlar ham elastiklikning ma’lum bir indikatori sifatida xizmat qilishi mumkin. Albatta, nisbatan aniq ma’lumotlar yo‘qligi bois, talab aynan qanchalik elastik ekanini aytish qiyin, biroq biz keltirayotgan asos uchun elastiklik darajasi yetarlicha yuqori ekani ochiq-oydin.

Propiskaning bekor qilinishidan hamma yutadi: Toshkent aholisining ham, yashash uchun Toshkentga ko‘chib kelgan boshqa o‘zbekistonliklarning ham daromadlari o‘sadi. Davlat soliqqa tortish bazasini oshiradi va o‘z xarajatlarini qisqartirishga erishadi, chunki geografik jihatdan bir joyda to‘plangan aholiga ijtimoiy afzalliklarni taqdim etish nisbatan arzonga tushadi.

Urbanizatsiya qotib qolgan qarashlar va mahalliychilikka qarshi kurashda ham yordam beradi: mamlakatning turli burchaklaridan bo‘lgan aholi bir shahar, uy, maktab va idorada yaxshi namoyon etilgan bo‘lsa, mahalliychilik qarashlari va tushunmovchiliklar ortga chekinadi. Axir boshqalar (begonalar)ni ko‘rmasang va ular bilan to‘qnash kelmasang, ularni yomon ko‘rish ham osonroq-da. Biz bir mamlakatda yashashni, boz ustiga, buni iqtisodiy jihatdan samarali qilishni ham o‘rganishimiz kerak.

Mualliflarning fikri tahririyat fikriga mos kelmasligi mumkin.

Behzod Hoshimov — iqtisodchi, Medisondagi (AQSH) Viskonsin universiteti biznes-maktabining doktoranti. 2016 yildan buyon Vaynart tadbirkorlik markazida tadqiqotchi bo‘lib ishlaydi. Viskonsin universitetining iqtisodiyot magistri va Nanyang texnologik universitetining (Singapur) matematika bakalavri darajasiga ega. «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashining a’zosi.

Nuriddin Ikromov — Sakramentodagi Kaliforniya universiteti professori. Shaharlar iqtisodiyoti (urban economics), mintaqaviy rivojlanish, ko‘chmas mulk va moliya masalalari bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiydi. Eksperimental iqtisodiyot, bixevioristik moliya va ko‘chmas mulk iqtisodiyoti yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib boradi. Uning tadqiqotlari Real Estate Economics kabi eng yaxshi ixtisoslashtirilgan ilmiy nashrlarda chop etilgan. Pensilvaniya shtati universiteti biznes-maktabida fan doktori (PhD) darajasini olgan.